Ochiq dars

Ruhiy jarohati bor oʻquvchilar bilan qanday ishlash kerak

Ijtimoiy muammolar bilan shug‘ullanish o‘qituvchilarning ishi bo‘lmasa-da, ruhiy jarohatlari bor o‘quvchiga o‘rinli so‘zlarni aytish muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

Oʻquvchilarimiz sinfxonaga oʻzlari bilan juda koʻp narsalarni olib kiradi. Har doim shunday boʻlgan, ayniqsa, hozirgi paytda. Biz pedagog sifatida oʻz ishimizni mehr bilan bajaramiz. Koʻpincha oʻzimizni nafaqat akademik jihatdan, balki oʻquvchilar hayotining barcha jabhalarida qoʻllab-quvvatlaydigan asosiy manba sifatida koʻramiz (va koʻpincha shunday boʻlamiz ham).

Iloji boricha har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish va qoʻllab-quvvatlash oddiy oʻqituvchini oʻzgarishlar yaratadigan pedagogdan ajratib turadigan jihatdir. Shuningdek, oʻquvchilar bilan mustahkam munosabatlarni shakllantiradigan, oʻzidan qoniqish va maqsad tuygʻusini yuzaga keltiradigan omildir.

Bularning barchasi toʻgʻri boʻlsa-da, unga qarshi chiqadigan boshqa haqiqatlar ham bor. Har bir oʻquvchiga zarur va munosib darajada har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish hamda qoʻllab-quvvatlash oʻqituvchini juda charchatib qoʻyishi mumkin. Bu harakatlar oʻqituvchining ish yoʻriqnomasiga hech qachon yozilmaydi va pedagogik kurslarda oʻrgatilmaydigan ogʻir emotsional mehnat talab qiladi.

Sinfdagi qaysidir oʻquvchi travmaga uchraganda va murakkab hissiyotlarni xavfsiz boshqarishni oʻrganayotganda biz koʻpincha nima deyishni yoki yordam berish uchun nima qilishni bilmaymiz. Biz muammoni hal qilishni istaymiz, ammo buni amalga oshirish uchun imkoniyatlarimiz cheklangan. Bu cheklov bizni ojizdek, oʻzimizni xuddiki yetarlicha ishlamayotgandek his qildiradi. Xayolimizdan hech qachon yetarlicha ishlay olmaydigandek oʻylar oʻtadi, vaholanki allaqachon imkonimiz yetganicha bor narsamizni beryapmiz.

Pedagogning taʼsiri 

Oʻqituvchi sifatida oʻzingiz oʻylaganingizdan ham koʻproq taʼsir kuchiga egasiz. Lekin bu kuch kutganingizdan biroz farq qilishi mumkin. Bunday taʼsir kuchiga ega boʻlish uchun sizda qoʻshimcha diplom boʻlishi yoki hamma savollarga javob berishingiz shart emas. Bu kuch allaqachon sizda bor, chunki siz insonsiz va oʻquvchilaringiz bilan har kuni muloqot qilish imkoniyatiga egasiz.

Ushbu o‘zaro munosabatlarda – hatto eng kichik, kundalik aloqalarda ham – ongli ravishda harakat qilish orqali o‘quvchilaringizning har biriga katta yordam ko‘rsatishingiz mumkin. Garchi ularning hayotidagi tashqi stress omillarini bartaraf eta olmasangiz-da, bu kabi yondashuv orqali ularga sezilarli darajada ko‘mak bera olasiz.

Ruhiy jarohat bilan bogʻliq kechinmalar oʻquvchilarimizni ojiz, eʼtiborsiz qolgan va eshitilmagandek his qilishga majbur etadi. Bu ojizlik sinfimizda oʻquvchilar boshdan kechirayotgan murakkab his-tuygʻularni keltirib chiqaradi. Bu his-tuygʻular koʻpincha anʼanaviy tarzda “muammoli xulq-atvor” deb nomlanuvchi xatti-harakatlar orqali namoyon boʻladi.

Garchi oʻquvchilarimiz hayotidagi muammolarni hal qila olmasak-da, ularga qayta kuch toʻplashi uchun yordam bera olamiz. Buning uchun sinfxonalarimizda ularning ovozlari doimo eshitilishi va fikrlari inobatga olinishini taʼminlashimiz kerak. Bu orqali ularga his-tuygʻularini xavfsizroq va samaraliroq usullarda ifodalash hamda muloqot qilish imkoniyatini yaratamiz.

Oʻquvchilarga doimiy ravishda kuch berib turishingiz, ularni tan oladigan va tinglaydigan odam mavjudligini bildirishingiz oʻzgarishlar qiladigan pedagog ekaningizni anglatadi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, oʻquvchining hayotida hattoki bitta boʻlsa-da, kuchli va hamdard insonning borligi travmaning salbiy oqibatlarini yumshatishi mumkin.

Kuch beruvchi “til”

Ammo bu sinfda qanday boʻladi?

Oʻquvchi oʻzini borligi sezilayotgan va tinglanayotgan deb his qilishi uchun sizning ixtiyoringizda boʻlgan eng oson va samarali vositalardan biri — nutqingizdir. Oʻquvchilar bilan muloqot qilganingizda, xoh u stressli vaziyat, xoh kichik kundalik suhbatlar boʻlsin, foydalanayotgan soʻzlaringizni ozgina oʻzgartirish orqali kutganingizdan ham koʻproq taʼsir koʻrsatishingiz mumkin.

Oʻquvchi qiynalayotganini bilganimizda koʻpincha nima deyishni bilmay qolamiz. Lekin oʻquvchilarimizga aytishimiz kerak boʻlgan narsa biz oʻylaganchalik qiyin boʻlmaydi.

Oʻrinli aytilgan soʻzlar oʻquvchilarimizga ularning eʼtibor ostidaligini, soʻzlari inobatga olinayotgani va xavfsiz ekanini his qilishiga yordam beradi:

• “Seni eshityapman. Seni koʻryapman. Senga ishonaman”;

• “Oʻzing ham, fikring ham men uchun muhim, seni eshitishni xohlayman”; 

• “Sinfdan tashqarida sodir boʻlayotgan narsalarni oʻzgartira olmayman, lekin bu yerda xavfsizlikdasan”;

• “Boshingdan oʻtayotgan noxush hodisalar uchun afsusdaman. Bu azobli ekanini tushunaman va qanchalik ogʻirligini tasavvur qilyapman”;

• “Boshingga tushganlarni oʻzgartira olmasam-da, seni tinglash va qoʻlimdan kelgancha yordam berish uchun yoningdaman. Hozir senga qanday yordam bera olaman?”

• “Oʻqituvchi sifatida senga munosib darajada yordam berishga maʼlumotim ham, kun mobaynida vaqtim ham yetishmaydi, ammo maktabimizda bu ishni yaxshi uddalaydigan maslahatchi va ijtimoiy xodimni bilaman. Bu xodimlar maktabda senga oʻxshab qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan oʻquvchilarga yordam berish uchun shu yerda, biz senga gʻamxoʻrlik qilamiz va imkon qadar qoʻllab-quvvatlaymiz. Ularga ikkalamiz birgalikda murojaat qilsak, rozimisan?”

Bu soʻzlar yetarli emasdek tuyulishi mumkin. Koʻpchilik oʻquvchilar his qilayotgan ogʻriqlar va iztiroblarni hech bir soʻz butkul yoʻq qilolmaydi. Bu toʻgʻri boʻlsa-da, keyingi safar oʻzingizni ojiz his qilgan yoki nima deyishni bilmay qolgan vaziyatga duch kelganingizda qiziquvchan boʻlishga harakat qiling. Toʻxtab, chuqur nafas oling va xotirjamlik bilan yuqoridagi iboralar yoki savollardan birini qoʻllashga harakat qiling. Oʻquvchingizning munosabatini kuzating: ularning his-tuygʻulari va feʼl-atvorida qanday oʻzgarishlar boʻladi, xavfsizlik, kuch va nazorat hissi kuchaytirilganda ularni oʻrab turgan iztiroblar devori qanday qulay boshlaydi?


Manba


Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66d8259b3b14da1d77f583c7/702b5fe9-21ba-495f-a793-8f33dd4eb234.original.png

Edutopia