“SI start: kodlarsiz” kursi: sahna ortida
Kurs yaralish tarixi haqida
2025-yil, 10–11-fevral. Parijdagi “Grand Palais” saroyida 100 dan ortiq mamlakatdan 1 000 dan ziyod ishtirokchi yigʻildi. Dunyo yetakchilari, texnologiya kompaniyalari, olimlar va siyosatchilarni bir joyga jamlagan mavzu bitta: sun'iy intellekt.

OpenAI, Google DeepMind, Anthropic vakillari, davlat rahbarlari milliard dollarlik investitsiyalar, AGI xavflari, SI va ish bozori haqida soʻz yuritgan sammitda Mohirdev bosh direktori Anvar Narzullayev ham ishtirok etgandi.
Toshkentga qaytgach, savol tugʻildi: bu gaplar oʻzbek auditoriyasiga qanchalik tegishli?
Javob esa oddiy va biroz ogʻriqli — hozircha deyarli tegishli emas. Chunki Parijdagi sammit sun'iy intellekt bilan koʻpdan beri ishlayotgan, uni tartibga solish va kelajagi kabi masalalarni muhokama qilayotgan odamlar uchun moʻljallangan edi. Lekin hozir o'zbek auditoriyasi asosan “sun'iy intellekt oʻzi nima?” degan savol bilan cheklanmoqda.
Xullas, ikki kun oʻtib — 2025-yilning 14-fevralida kurs ustida ish boshlanib ketdi. Dastlab sammitdagi eng muhim fikrlarni toʻplab, qisqa kurs formatida yoritmoqchi boʻldik. SIning ahamiyati va kelajagi haqida birinchilardan boʻlib xulosa bermoqchi edik.
Lekin material yigʻila boshlagach, kurs hajmi kengayib ketdi. Avval sun'iy intellekt nima ekanini tushuntirmasdan sammit haqida gapirib boʻlmaydi, degan fikrga keldik. Keyin esa sunʼiy intellekt bilan Machine Learning bir-biridan qanday farq qilishini ham aytish kerak boʻldi. Yana “neyron tarmoqlar nima?”, “LLM nima?”, “ChatGPT'ga ishonish kerakmi?”, “qachon SI ishlatgan yaxshi?” kabi savollar ham koʻpayib ketdi.
Shunday qilib, bir haftalik sammit xulosasi toʻliq kursga aylandi. Nomi ham oʻziga xos: “SI start: kodlarsiz” — hech qanday texnik tayyorgarliksiz va hamma uchun.
Nima uchun “kodlarsiz”?
Odatda AyTi ta'limi “avval oʻrganaman, keyin ishlataman” tamoyiliga asoslanadi. Lekin sun'iy intellekt allaqachon koddan tashqariga chiqib ketgan. Bugun shifokor tashxis qoʻyishda, jurnalist material yozishda, advokat hujjatni tahlil qilishda, oʻqituvchi esa dars rejasida SI yordamiga tayanmoqda.
Agar bu odamlar sun'iy intellektni tushunmasa, undan foydalanmaydi. Agar foydalanmasa, raqobatdan orqada qoladi. Kurs ana shu boʻshliqni toʻldirishni maqsad qilgan. Turli kasb egalari oʻqiy olishi uchun texnik boʻlmagan, ammo chuqur, sodda-yu, lekin sayoz boʻlmagan qoʻllanma yozishni maqsad qilganmiz.
Birinchi muammo: metodist bozori
Kurs tarkibini tuzib oldik. Keyingi qadam uni pedagogik jihatdan toʻgʻri shakllantirish edi. Birinchi toʻsiq shu yerda paydo boʻldi.
Oʻzbek bozorida “katta yoshlilar ta'limi (adult learning) metodisti” degan mutaxassis deyarli yoʻq. Koʻpchilik dars uchun kontent yoza oladi, lekin kontent boshqa narsa, metodologiya boshqa. Metodist — darslik yuzasidan savollar bera oladigan mutaxassis. U “bu darsni tinglovchi tushundimi?”, “dars boshida qoʻyilgan maqsadga erishildimi?”, “ tinglovchi keyingi darsga oʻtishga tayyormi?”, “darsdan keyin talaba hayotida nima oʻzgaradi?” kabi savollarga javob izlab mutaxassisning bilimini tushunarli qoʻllanmaga aylantira oladi.
Lekin bunday mutaxassis topish Oʻzbekistondagi taʼlim texnologiyalari bozorida haqiqiy muammo. Toʻgʻri, biz bu muammoga birinchi marta duch kelmayotgandik. Lekin “SI start: kodlarsiz”da birinchi marta toʻliq ogʻirligini his qildik. Chunki kurs mavzusi yangi, auditoriyasi keng, yondashuv esa avvalgilardan boshqacha. Metodologik nazorat boʻlmasa, ustoz qanchalik bilimli boʻlmasin, dars talabaga tushunarli boʻlmaydi.
Kurs ishlab chiqish jarayoniga tajribali mutaxassis qoʻshilganidan soʻng ishlar bir tizimga tushib oldi
Ikkinchi muammo: montajchilar
Aynan shu bosqich kursning eng uzoq va qoʻpol aytganda, eng koʻp asab ketgan qismi.
Metodist yordamida yozilgan darslarni kameraga muhrlab oldik. Ustozlar bilan ham, mehmon ekspertlar bilan ham videolar tayyor. Lekin endi uni montaj qilish kerak. Bu esa endi umuman boshqa hikoya.
Ishga jalb qilingan 1-montajchi iqtidorli edi. Juda iqtidorli. U ta'limga oid video emas, kinematografik asar yaratmoqchi boʻldi. Natijada birgina videodars haftalar davomida “ishlab chiqildi”. Ammo oʻquv kursi uchun tezlik va izchillik birinchi oʻrinda. Shu orada u oʻzining asosiy ishiga — marketing jamoasiga koʻproq vaqt ajratishga majbur boʻldi. Soʻng kompaniyadan ketdi.
Material uning qoʻlida qolib, ish toʻxtab qoldi. Keyin ikkinchi montajchiga topshirdik. U esa videoyozuvlarni koʻrib, ishni nimadan boshlashini bilmadi, chunki qaysi material qaysi darsga tegishli ekani, qaysi kadr nimani anglatishi avvalgi montajchi bilan ketgan “sir” edi. Xullas, baʼzi fayllar yoʻqoldi, ular orasida topilganlari ham, butunlay yoʻq boʻlib ketganlari ham bor.
Va nihoyat uchinchi, frilanser montajchi bizda qolgan bor material bilan ishni tugatdi.
Umuman olganda, bu oʻzbek taʼlim texnologiyalari bozorida uchrab turuvchi holat hisoblanadi. Taʼlim videosini montaj qilish ijodiy emas, balki aniqlik va sabr talab qiladigan texnik ish. Ammo montajchilar koʻpincha 2 toifaga boʻlinadi: 1) ijodkor, oʻquv materialiga qiziqmaydigan; 2) sabr bilan ishlashni xohlamaydigan. Oltin oʻrtaliqdagi mutaxassisni topish esa bozordagi eng qiyin muammolaridan biridir.
Kursning ichida nima bor?
Kurs quyidagi yoʻnalishlarni qamrab oladi:
Sunʼiy intellekt asoslari
Biz darslarda Sunʼiy intellekt nima ekani, u qanday ishlashi, Machine Learning, Deep Learning va LLM nima ekanini tushuntirib berganmiz. Koʻpchilik ChatGPT bilan suhbatlashsa ham, uning nimaligi haqida hech oʻylab koʻrmaydi. Biz kursda oʻsha “sirli sandiq” sirini ochamiz.
Afsona va haqiqat
“SI barcha ishni tortib oladi”, “Robotlar bizni boshqaradi” degan xavotirlar qayerdan kelib chiqqani va aslida vaziyat qanday ekani haqida gapirdik. Kursda ijtimoiy muhitda paydo boʻlgan notoʻgʻri tasavvurlar faktlar bilan qiyoslab koʻrsatilgan.
Real hayotda qoʻllanishi
Hozir har bir sohada — tibbiyot, huquqshunoslik, ommaviy axborot vositalari, ilm-fan, taʼlim, moliya, savdo-sotiq va boshqalarda SI ishlatilyapti. Kursda ana shu ishlar natijasi va qanday chegaralar borligi tushuntirilgan.
Etik tomonlari va boshqaruv
Algoritmik tarafkashlik, ma'lumotlar maxfiyligi, “qora quti” muammosi, global tartibga solish — Parij sammitida aynan shu mavzular markazda turgan edi, biz ularni oʻzbek auditoriyasi uchun moslashtirdik.
Kelajak va inson-SI hamkorligi
Bu boʻlimda avtomatizatsiya va augmentatsiya oʻrtasidagi farq, kasbiy strategiya, “SI tafakkuri” haqida soʻz borgani uchun boʻlim nafaqat yangi bilimlar, balki talabaga oʻz yoʻlini belgilashda yordam beradi.
Darslikdan emas — amaliyotdan
Kursning eng muhim xususiyatlaridan biri — unda haqiqiy amaliyotchilarning ishtirok etgani. Biz SI haqida nazariy maʼruza oʻqiydigan akademiklarni emas, ushbu texnologiyani ayni paytda oʻz sohasida ishlatayotgan mutaxassislarni jalb qildik. Reja boʻyicha roʻyxat bundan ham katta boʻlishi kerak edi, ammo baʼzi soha vakillari vaqt yoki boshqa sabablarga koʻra ishtirok eta olmadi. Lekin qatnashgan mehmonlar bergan qiymat ham kam emas.
Abdulloh Sodiq — huquqshunos. U sunʼiy intellektning huquq sohasiga kirib kelishi, global LLMlarning mahalliy qonunchilik kontekstidagi cheklovlari va raqamli gigiyena masalalarini tahlil qiladi.
Jahongir Azimov — jurnalist va media mutaxassisi. U media sohasida SIning oʻrni, nima uchun sunʼiy intellekt insoniy ijod oʻrnini bosa olmasligi va nima uchun birgina tugma bilan hamma narsani yaratib boʻlmasligini professional nuqtai nazardan ochib beradi.
Behzod Hoshimov — ilmiy tadqiqotchi. U sunʼiy intellektning ilmiy jarayonni qanday tezlashtirayotgani, oʻnlab yillik ishni bir necha kunga qisqartirish mumkinligi va matematik modellashtirish uchun qanday foydalanish kerakligi amaliy misollar va aniq raqamlar bilan tushuntirib beradi.
Biz bu mutaxassislardan hamma yoqda trend boʻlib ketgan qoidalar-u, layfhaklarni emas, balki oʻzlari nimani qanday ishlatgani, qaysi usul foyda bergani-yu, qayerda adashganini soʻradik. Yaʼni, shunchaki nazariyadan qochib, real hayotda real mutaxassisga yordam bergan vositalar haqida ochiq suhbat qurdik.
Bu kurs kimlar uchun yaratilmagan?
Dasturchilar uchun yaratilmagan, ularga boshqa kurslar kerak. Bundan tashqari, allaqachon SI vositalarini professional darajada ishlatayotganlar uchun ham yaratilmagan — oʻz nomi bilan bu kurs “SI start: kodlarsiz”, siz esa keyingi bosqichdasiz.
“SI start: kodlarsiz” kursi uch toifa kishi uchun yaratilgan:
“Men sunʼiy intellekt haqida bilishim shart emas” deb oʻylaydigan va hali shunday fikrda yurib yanglishayotganlar uchun. SI nafaqat AyTi, balki boshqa istalgan sohaga allaqachon kirib kelgan.
SI haqida koʻp eshitgan, bir oz ishlatib koʻrgan, lekin hali chuqurroq tushunmaganlar uchun. Bu turdagi kishilar ChatGPT/Gemini yoki boshqa sohalardan foydalanadi, lekin SI har doim ham toʻgʻri javob bermaydi deb hisoblaydi.
Kelajakdan xavotirlanadiganlar uchun. “Sunʼiy intellekt ishimni olib qoʻyadi”, “bu texnologiya xavfli” deb oʻylaydiganlar uchun kursda toʻgʻridan-toʻgʻri javob berganmiz.
Tirik kurs
Sun'iy intellekt sohasi oyda yoki yilda emas, har hafta oʻzgarib turadi. Shu sababli “SI start: kodlarsiz” kursi bir marta chiqarilib unutiladigan kurs emas. Hozir siz koʻrayotgan versiya — birinchisi. Biz uni allaqachon yangilash ustida ishlayapmiz. Keyingi bosqichda boshqa sohalarda (tibbiyot, moliya, savdo-sotiq) SI qanday ishlatilayotganini toʻliqroq yoritishni rejalashtirganmiz.
Parij sammiti bu yoʻldagi ilk impuls boʻldi, kurs oʻsha sammitda koʻtarilgan savollar atrofida qurilgan. Dunyo miqyosida SI haqida jiddiy gaplashilayotgan paytda biz auditoriyamiz ham bu muhokamada ishtirok etishiga imkon beruvchi asosni quryapmiz.
Chunki SI savodxonligi endi faqat dasturchilarga tegishli koʻnikma boʻlmay qoldi. Hozirgi zamonda bu hamma bilishi kerak boʻlgan vosita, qurolga aylanib ulgurdi.
Kursni boshlash uchun roʻyxatdan oʻting. Havola.
Sunʼiy intellektni tushunishdan manfaat oladigan tanishlaringizga maqolani ulashing.

