Ochiq dars

Sinfda “oʻqituvchi nutqi”ni kamaytirish

Darsda koʻp gapirish ustozlardan oʻquvchilarga oʻtsa, koʻrsatkichlar yaxshilanadi. Qanday va nega?

Oʻquvchilarni muntazam ravishda sinfdagi muhokamalarni boshqarishga yoʻnaltirish kerak. Bu ularning qiyin topshiriqlarni mustaqil bajarishda oʻziga boʻlgan ishonchini oshirib, akademik muvaffaqiyatga erishishiga olib keladi.

Barcha oʻqituvchilar oʻquvchilarining yuqori natijalarga erishishini xohlaydi. Lekin Bruklindagi boshlangʻich maktab savodxonlik oʻqituvchisi Tori Fillerning fikricha, oʻqituvchilar koʻpincha sinfdagi eng muhim “ish”larning jilovini oʻz qoʻliga olib, samaradorlikni kamaytiradi. Ular darsning qiyin qismlarini izohlab berishi yoki oʻquvchilar oʻzi mustaqil anglashi kerak boʻlgan konsepsiyalarni haddan tashqari batafsil tushuntirib berishi mumkin.

“Hammamiz oʻquvchilarga qoʻygan yuqori talablarimizni bajarishi uchun qoʻldan kelgancha yordam beramiz. Lekin bu harakatlarimiz bilan bolalarga aynan oʻsha talablarga javob berishida yordam beradigan imkoniyatlarni yoʻqqa chiqarmayapmizmi?”, deb yozadi Filler Achieve Core veb-saytida. Fillerning yozishicha, dars jarayonida “boshqaruv”ni oʻquvchilarning qoʻliga topshirish ularning kelajakda yanada murakkab vazifalarni mustaqil ravishda bajarishi va akademik muvaffaqiyatlarga erishishi uchun “mushaklarini chiniqtiradi”.

Masalan, savodxonlik koʻnikmalarini oʻqitish masalasida tadqiqotlar oʻtkazilgan. Unga koʻra oʻquvchilar murakkab matnlar bilan tez-tez va bevosita ishlaganda juda koʻp foyda oladi, deya taʼkidlaydi Filler. Kichik yoshdagi oʻquvchilarning ogʻzaki nutqi odatda ularning oʻqish va yozish koʻnikmalaridan ilgarilab ketgan boʻladi. Shu bois ularga oʻzlari bajarayotgan murakkab oʻqish va yozish mashgʻulotlarini gapirish, tinglash bilan bogʻlash uchun vaqt hamda imkoniyat kerak. Bu jarayonni, ayniqsa, tengdoshlari bilan amalga oshirish yaxshi samara beradi.

Oʻqituvchi sinfdagi barcha nazoratni oʻquvchilarga topshira olmaydi, toʻgʻri. Shuning uchun Filler “oʻqituvchi nutqi” miqdorini kamaytirishni taklif qiladi. Shuningdek, oʻqituvchi va oʻquvchi boshchiligidagi taʼlim muvozanatini taʼminlaydigan yangicha yondashuvni qoʻllab-quvvatlaydi.

Fillerning taʼkidlashicha, oʻqituvchilar dars jarayonida oʻquvchilarni koʻproq gapirtirishga ilk bor uringanida ular oʻrtasidagi jarayon koʻpincha stol tennisi oʻyiniga oʻxshab qoladi. Oʻqituvchi savol beradi, oʻquvchi javob beradi, oʻqituvchi javobni baholaydi. Buning oʻrniga oʻqituvchilar kundalik dars jarayonlariga “voleybol muhokamasi”ga oʻxshash muhitni yaratadigan mashgʻulotlarni kiritishi kerak, deb yozadi u. Bunda oʻqituvchi toʻpni oʻz tomoniga qaytarishdan oldin oʻquvchilardan bir-birlarini diqqat bilan tinglashni va fikrlariga munosabat bildirishini soʻrashi lozim.

Yaxshi muhokama qanday boʻlishini oʻquvchilarga tushuntirish

Bularni sinfda qoʻllashdan avval oʻqituvchi oʻquvchilarga oʻzaro suhbat qanday boʻlishini yaxshiroq tushunishiga yordam berishi kerak. Oʻqituvchi bu yoʻl orqali oʻtkaziladigan mashgʻulotlar uchun zamin hozirlab oladi.

“Muhokama xaritasi” oʻquvchilarning barchasi jarayonda qatnashishini taʼminlashda foydali vosita hisoblanadi. Stefani Toroning aytishicha: “Oʻquvchilar bir-birining fikriga javob qaytara olishi uchun oʻzlari bildirayotgan fikrlarga ishonchi komil boʻlishining oʻzi yetarli emas. Ular boshqa oʻquvchilarni munozaraning muhim ishtirokchilari sifatida koʻrishi va ularning fikriga xuddi oʻqituvchining gapiga eʼtibor berganday diqqat bilan quloq solishi ham kerak”. Muhokama davomida kim gapirganini ko‘rsatuvchi xarita dars oxiriga kelib o‘rgimchak to‘riga o‘xshab ketishi va sinfxona chizmasidagi har bir o‘quvchining ismiga aloqador bo‘lishi lozim.

Oʻquvchilarga sinf muhokamalarini tushunish va amaliyotda qoʻllashga yordam beruvchi vositalar ham foydali. Masalan, “Muhokama rivoji” (Progression of Talk) jadvali oʻquvchilarga suhbat davomida fikrlarning dolzarbligini taʼminlashda yordam beradi. Shuningdek, maqsad avvalgi fikrlarga tayanish hamda bahs-munozaralar, kelishmovchiliklar va batafsil izohlar uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan.

Bu yordamchi tuzilmani dars jarayoniga tatbiq etganingizdan soʻng sinfingizda oʻquvchilarning koʻproq gapirishi va asosiy ish yukini zimmalariga olishini taʼminlaydigan strategiyalarni joriy etishga tayyor boʻlasiz.

Avvalo oʻquvchilarga fikr bildirishiga imkon bering

Agar oʻquvchilardan murakkab bir matnni sharhlashni yoki qiyinroq savolga javob berishni soʻrasangiz, qoʻl koʻtarish usulidan voz keching, deb yozadi Filler.

“Fikrlang, juftlashing, baham koʻring” usuli oʻquvchilarni muayyan mavzu yoki savol ustida chuqur oʻylashga va mustaqil ravishda iloji boricha koʻproq gʻoya yoki fikrlar oʻylab topishga undaydi. Masalan, biror matnni ovoz chiqarib oʻqitayotganda oʻquvchilar mulohaza yuritishi uchun oʻqish mazmuniga oid aniq savollar berishga harakat qiling.

Javoblar topilgach, oʻz fikrlarini qiyoslash va tushunmay qolgan joylarini aniqlashda bir-biriga yordam berishi uchun ulardan juftliklarga boʻlinishini soʻrang. Fillerning soʻzlariga koʻra, bu usul barcha oʻquvchilarga butun sinf oldida fikr bildirishdan avval oʻz mulohazasini miyasida pishitib olishga yetarlicha vaqt beradi.

Agar vaqtingiz cheklangan boʻlsa, “buriling va gaplashing” usulini qoʻllasangiz boʻladi. Bu yuqorida aytilgan strategiyaning qisqartirilgan varianti, uning yordamida ham bir xil maqsadga erishasiz. “Yozing, juftlashing, baham koʻring” esa shunga oʻxshash boshqa bir usuldir.

Barcha oʻquvchilarning ishtirokini taʼminlashga eʼtibor qarating

Kaliforniya shtatida yilning eng yaxshi oʻqituvchisi boʻlgan Rozi Ridning “Edutopia” nashrida yozishicha, hattoki oʻquvchilarga koʻproq gapirish imkoniyatini beradigan mashgʻulotlar ham puxta rejalashtirilmagan holatlarda muhokamada ozchilik oʻquvchi qatnashishiga olib kelishi mumkin.

“Fikrlang, juftlashing, baham koʻring” kabi mashgʻulotlarda kim birinchi gapirishini oldindan belgilash kerak boʻladi. Buning uchun oʻsha kungi sanaga tugʻilgan kuni yaqinlashib qolgan oʻquvchi kabi tasodifiy mezon tanlash mumkin. Rid taʼkidlaganidek, bunday koʻrsatma berilmasa, baʼzi oʻquvchilar juftlikdagi suhbat vaqtida sherigidan koʻproq gapirib, ustunlik qiladi.

Oʻquvchilarning sinf bilan fikr almashishi vaqti kelganda Rid muhokamalarda ayrim oʻquvchilarning ustunlik qilmasligini taʼminlash uchun “soʻzlashuv predmeti”dan foydalanishni tavsiya etadi. U sinfida oʻquvchilar bir-biriga uzatishi uchun toʻpdan foydalanadi. Bu usulda faqat toʻpni ushlab turgan oʻquvchi gapirishi mumkin boʻladi xolos. Sinfdagilarning har biri toʻpni bir martadan olganidan soʻng ikkinchi marta olishi mumkin boʻladi. Bundan tashqari, xaritalash uslubi ham foydali. Chunki u oʻquvchilarga kimning savol yoki fikr bildirgan-bildirmaganini koʻrishga imkon beradi.

Qiyin qismlarni tushuntirishda shoshilmang

Fillerning fikriga koʻra, oʻquvchi mashqlar, ayniqsa, qiyin topshiriqlar ustida mustaqil ishlayotganda oʻqituvchilar muhim oʻzgartirish qilishi zarur. Yaʼni topshiriq qanchalik qiyin boʻlishini oldindan baholashga shoshilmasligi kerak. “Oʻquvchilarimga necha martalab, ehtiyot boʻling, bu qism qiyin boʻladi!”, deb aytganman. Yana ularga muayyan bir usulni qoʻllashni koʻrsatganman yoki shunga undaganman, deydi Filler.

Siz buning oʻrniga boshqacharoq yoʻldan boring. Agar oʻquvchilar vazifa qiyinligini aytsa, darhol yordam bermang. Avval ulardan topshiriqning qaysi qismi qiyinligi va uni qanday hal qilish mumkinligini soʻrang, deya maslahat beradi Filler.

Agar sinfning koʻpchilik qismi qiynalayotgan boʻlsa, koʻproq savollar bering. Shu orqali qiyinchilikni hamma uchun foydali muhokamaga aylantiring. “Buni nima qiyinlashtiryapti?” yoki “Biz nimalarni sinab koʻrdik?” kabi savollar bering. Yoki ulardan topshiriqdan bir parchani qayta oʻqishni va chalgʻitayotgan joylarni belgilab chiqishlarini soʻrang. Bu usul oʻquvchilarni qiyin ishni bajarishga undaydi.

Fillerning yozishicha, oʻquvchilar sinfda fikr bildirayotganda oʻqituvchilar ularning fikrlarini “Yaxshi, lekin sen aytmoqchi boʻlgan narsa...” yoki “Menimcha, sen aytayotgan narsa...” kabi iboralar bilan qayta ifodalamasligi, tasdiqlamasligi kerak. Buning oʻrniga “Kimdir bu fikrni toʻldira oladimi?” yoki “Bu fikrga qoʻshilamizmi yoki qarshimizmi?” kabi javoblarni sinab koʻrish lozim.

Strategiyangiz samarali boʻlayotganiga ishonch hosil qilish uchun videodan foydalaning

Gapirish vaqtini qisqartirish boʻyicha harakatlaringiz natija berayotganini bilishning oson usuli darslarni videoga yozib olishdir. Keyin videoni tomosha qilish orqali oʻqituvchilar oʻz darslarini tahlil qiladi. Dars vaqtidan unumli foydalanishni takomillashtirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Masalan, video yordamida o‘zingiz haddan tashqari ko‘p gapirishim mumkin deb hisoblagan asosiy qismlarni aniqlab olasiz. O‘quvchilar tomonidan boshqariladigan mashg‘ulotlar va muhokamalarga ko‘proq e’tibor qaratishga intilishingiz mumkin. Shuningdek, mashg‘ulotlarning samaradorligini kuzatib borib, zarur hollarda ularni takomillashtira olasiz.

Yozib olgan darslaringizni ko‘rib chiqishdan oldin nimani izlayotganingiz to‘g‘risida aniq maqsadlar belgilab olishingiz kerak. Hatto videodagi ma’lum elementlarning ro‘yxatini tuzib olishingiz ham muhim. Masalan, o‘quvchilardan boshqaruvni erta olib qo‘ygan holatlarni belgilab olishingiz kerak. Shunday qilib, vaqt o‘tishi bilan bu jihatlarga e’tibor qaratib, o‘z ustingizda ishlashingiz va mahoratingizni oshirishingiz mumkin bo‘ladi.

Manba

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

#ochiq dars
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/66d8259b3b14da1d77f583c7/702b5fe9-21ba-495f-a793-8f33dd4eb234.original.png

Edutopia