Full Stack

Smarter, not harder: JavaScript uchun foydali kutubxona va freymvorklar

Jiddiy ish va nostandart loyihalar uchun

Mundarija

1. Kutubxona nima?

2. Freymvork nima?

3. Frontend uchun JavaScript vositalari

4. Bekend uchun JavaScript vositalari

5. Animatsiya va vizualizatsiya uchun JavaScript vositalari

6. Sonlar bilan ishlash uchun JavaScript vositalari

7. Nostandart loyihalar uchun JavaScript vositalari

JavaScript — nisbatan sodda sintaksisga ega boʻlgan universal dasturlash tili. Unda deyarli hamma narsa: frontend, bekend, oʻyinlar, messenjer uchun botlar va hatto mobil ilovalarni yozish mumkin. Kutubxona va freymvorklar dasturlashni osonlashtirishga yordam beradi. Maqolada ularning eng ommabop va foydalilarini koʻrib chiqamiz, shuningdek, JS uchun resurslarga ega repozitoriylarni tavsiya qilamiz.

Kutubxona nima?

Kutubxona — muayyan bir dasturlash tili uchun funksiya, kichik dastur va obyektlar toʻplami. Har bir kutubxona maʼlum bir muammoni hal qilish uchun yaratiladi. Masalan, biri yordamida grafik interfeysni tezda dasturlash mumkin. Boshqasi esa dasturlarga yanada aniq hisob-kitob uchun kengaytirilgan matematik funksiyalarni qoʻshadi.

Kutubxonalar yordamida koddan qayta foydalanish va bu orqali vaqtni tejash mumkin. Masalan, onlayn doʻkon uchun toʻlovlarni qayta ishlash murakkab mexanizmini amalga oshirish kerak. Bunda barcha kodni noldan yozish shart emas. Buning uchun kerakli funksiyalarga ega boʻlgan tayyor kutubxonadan foydalanish mumkin.

Freymvork nima?

Freymvork — ilovalarni dasturlash uchun vosita, kutubxona va qoidalar toʻplamini taqdim etadigan keng koʻlamli struktura. Odatda u ilovalarni yaratishda foydalanish mumkin boʻlgan tayyor arxitektura va funksiyalar toʻplamini oʻz ichiga olgan boʻladi. Freymvork ilovaning umumiy tuzilishi va tartibini oʻrnatib, kod qay tarzda tuzilishi kerakligini belgilaydi.

Kutubxona oʻz navbatida dasturchiga kodda maʼlum bir vazifalarni bajarishda foydalanishi mumkin boʻlgan tayyor vositalarni taqdim etadi. Odatda kutubxona biron bir ilova strukturasini oʻrnatishni talab qilmaydi yoki ish tartibini belgilamaydi. Vositalardan qanday foydalanishni hal qilishni dasturchining oʻziga qoldiradi.

Frontend uchun JavaScript vositalari

JavaScript koʻpincha veb ilova va saytlar frontendini ishlab chiqishda ishlatiladi. Shu bois dasturchilar foydalanuvchi interfeysi bilan ishlashi uchun koʻplab kutubxona va freymvorklar mavjud. Ulardan baʼzilari bir marta yozilgan koddan Android va iOS uchun veb-sayt va mobil ilovani yigʻish imkonini beradi.

React

Frontend uchun eng mashhur kutubxonalardan biri. Uning yordamida tarkibiy qismlarni yaratish va ulardan qayta foydalanish mumkin. React sahifani qayta yuklamasdan turib maʼlumotlarni yangilash imkonini beradi. Kutubxona yuqori tezligi va bekend bilan oson integratsiyalangani uchun qadrlanadi. Yangi boshlayotganlar hamma narsani tezda tushunib olishga yordam beradigan koʻplab kitob, video va maqolalar tufayli Reactʼni yoqtiradi. Shuningdek, kutubxona ishlab chiquvchilari tomonidan faol tarzda yangilanishlar chiqarilishi Reactʼning afzalliklaridan biridir.

React Native

React Native freymvorki JavaScript yordamida Android va iOS uchun mobil ilovalarni dasturlash imkonini beradi. Bu loyihani ishlab chiqishni tezlashtirish va startap xarajatlarini kamaytirishning ajoyib usulidir. Chunki jamoa birdaniga mahsulotning ikkita versiyasini yaratishi mumkin.

Kamchilik sifatida xizmatning murakkabligini taʼkidlash mumkin. Freymvork katta loyihalar uchun juda mos keladi, ammo kichik veb-saytlar React Native imkoniyatlarining yarmidan ham foydalana olmaydi.

Vue.js

Google jamoasining frontend-freymvorki. 2014-yilda Google bozorda mavjud boʻlgan yechimlar kompaniya dasturlash tamoyillari va qarashlariga mos kelmaydi, degan qarorga keldi. Shu sababdan Google Vueʼni ishlab chiqardi. U Reactʼdan ham soddaroq boʻlib, foydalanish uchun veb-dasturlashning bazaviy steklarini bilishning oʻzi yetarlidir.

Vueʼning kamchiligi sifatida hamjamiyatning bir necha baravar kichikligini aytsa boʻladi. Shu sababli aktual kurs va videolarni topish qiyin.

Svelte

React va Vueʼdan keskin farq qiladigan freymvork. Uning oʻziga xos xususiyati shundaki, virtual muhitdan foydalanish oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri DOM bilan ishlaydi. Bu xususiyat freymvorkni raqobatchilaridan tezroq va barqaror qiladi. Afzalliklaridan yana biri sifatida soddaligi va har qanday qoʻshimcha kutubxonalar bilan ishlashini taʼkidlash mumkin.

Svelteʼning afzal tomonlari bilan birgalikda kamchiliklari ham bor:

  •  freymvork katta loyihalarda kamdan-kam holda qoʻllanadi;

  •  hamjamiyati kichik;

  •  dasturlashni tezlashtiradigan vositalar mavjud emas;

  •  faqat Svelteʼni bilgan holda ish topish deyarli imkonsiz.

fullpage.js

Ekran boʻylab toʻliq siljiydigan veb-saytlarni yaratish uchun kutubxona. Xizmatdan Google, Sony, BBC, Ebay, Bugatti va boshqa xalqaro kompaniyalar foydalanadi. fullpage.js yordamida oldingi plandagi obyektlar orqa plandagilarga qaraganda tezroq harakatlanadigan vizual effekt – parallaksni amalga oshirish mumkin. Kutubxonadan React, Vue va Anguʼlar bilan birga foydalanish mumkin. U WordPress bilan ishlashni qoʻllab-quvvatlaydi.

draft.js

Mukammal matn muharrirlarini ishlab chiqishga moʻljallangan React asosidagi freymvork. Uning yordamida dasturlash brauzer muhiti yoki qaydnomalarni yaratish mumkin. Parsing, formatlash va simvollarni qayta ishlash uchun zarur barcha funksiyalar mavjud. Loyiha ikki yildan beri yangilanmadi, lekin ishlayapti. Loyiha mualliflari eng ilgʻor imkoniyatlardan foydalanish muhim boʻlgan holatlarda lexicalʼga eʼtibor qaratishni maslahat beradi.

Bekend uchun JavaScript vositalari

JavaScriptʼni nafaqat brauzerda, balki serverda ham ishga tushirish mumkin. Buning uchun kod va freymvorklarni amalga oshirish maxsus muhiti kerak. Ular JSʼda butun veb-sayt — frontend va bekendni yozish imkonini beradi.

Node.js

JavaScriptʼdagi eng ommabop kodni amalga oshirish muhitlaridan biri. Uning yordamida JSʼdagi dasturlarni nafaqat brauzerda, balki serverda ham ishga tushirish mumkin. Node.js katta hamjamiyatga ega, shuning uchun qiyinchiliklar yuzaga kelganda ixtisoslashgan forumlarda har doim javob topish mumkin. Node.jsʼdagi veb-serverlar samarador va kross-platformaga ega. Kodni amalga oshirish muhitini haqli ravishda eng ommabop muhit deb atash mumkin.

Next.js

Next.js — React asosida ishlangan va uning asosiy muammolarini hal qilishga moʻljallangan freymvork. U Server Side Render ilovalarni dasturlash uchun juda mos keladi. Renderingni server tomoniga oʻtkazish orqali foydalanuvchi qurilmasidagi yuklamani kamaytiradi. Shu tufayli ilovadan foydalanish tajribasi va SEO-optimallashtirishni yaxshilaydi.

Jiddiy kamchiligi sifatida faqat Reactʼga bogʻliqligi va oz sonli hamjamiyatni aytish mumkin. Oʻquv materiallari va kurslar bilan bogʻliq muammolar yoʻq, ularni Vercel kompaniyasi ishlab chiqaradi. Shuningdek, Next.js ham Vercelʼning mahsulotidir.

Animatsiya va vizualizatsiya uchun JavaScript vositalari

Chart.js

Grafiklarni chizish uchun oddiy JS-kutubxona. Maʼlumotlarni batafsilroq namoyish qilish uchun rang, animatsiyalarni oʻzgartirish va biryoʻla bir nechta grafiklardan foydalanish mumkin. Chart.js kodi ochiq boʻlib, loyiha veb-saytida batafsil hujjat va misollar mavjud.

Anime.js

Shunchaki kutubxona emas, balki JavaScript yordamida animatsiyalar yaratish uchun butun boshli kontentni boshqarish tizimi. Anime.jsʼdan CSS, CSV yoki DOM jarayonlari bilan ishlashda foydalanish mumkin va bu effektlarni yaratishda katta imkoniyatlar yaratadi. Kutubxona deyarli barcha zamonaviy brauzerlar bilan ishlaydi. Codepen platformasida Anime.jsʼdan loyihalarda qanday foydalanish mumkinligini koʻrish mumkin.

Floating UI

Qalqib chiquvchi elementlar: oyna, roʻyxat, ikonka va boshqalarni yaratish va animatsiyalash uchun kutubxona. Floating UI ishlatilganda veb-ilovalar interfeysi yanada batartib va qiziqarli boʻladi. Bundan tashqari, hamma narsa allaqachon ishlab chiqilgan va dasturchi elementlar bilan ishlashning usullarini oʻylab topishiga hojat yoʻq.

screenfull.js

JavaScriptʼdagi standart Fullscreen API uchun oddiy va qulay qoplama (obyortka). screenfull.js yordamida kontentni toʻliq ekranga ochish funksiyasini tezda amalga oshirish mumkin. Bu rasm, sahifa, elementlar yoki istalgan boshqa narsa boʻlishi mumkin. Kutubxona kamdan-kam yangilanadi, ammo bu uning ishlashiga taʼsir qilmaydi.

D3.js

Maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish uchun koʻp sonli grafika, sxema va diagrammalar bilan ishlash imkoniyatini beradigan takomillashgan kutubxona. Agar loyihadagi murakkab raqamlarni foydalanuvchi tezda tushunadigan tarzda koʻrsatish kerak boʻlsa, unda D3.jsʼdan foydalanish kerak. Bu PDF formatidagi uzun hisobot va jadvallarga qaraganda qulay va yaqqolroq koʻrinish boʻladi.

Pixi.js

Brauzer oʻyinlarini yaratish uchun toʻlaqonli kontentni boshqarish tizimi. Undan Google, Disney, Lego, HBO, Marvel va boshqa kompaniyalar foydalanadi. Kontentni boshqarish tizimi katta hamjamiyatga ega boʻlib, har doim aktual kurs va oʻquv materiallarini topish mumkin. Pixiʼda yaratilgan oʻyinlar tezkor boʻlib, kontentni boshqarish tizimining ochiq kodi har qanday oʻzgartirish kiritish imkonini beradi.

Three.js

3D grafika bilan ishlashga moʻljallangan takomillashgan kutubxona. Uning yordamida veb-saytga uch oʻlchovli modellarni qoʻshish, voqealarni animatsiyalash va qayta ishlash mumkin. Odatda Three.js bilan brauzer oʻyinlari dasturlanadi yoki dizaynda foydalaniladi. Three.jsʼda yaratilgan ishlardan namunani rasmiy veb-saytda koʻrish mumkin.

Sonlar bilan ishlash uchun JavaScript vositalari

currency.js

Deyarli barcha dasturlash tillarining muammolaridan biri suzuvchi nuqta qiymatlarining notoʻgʻri hisoblanishidir. Bu barcha ilovalar, ayniqsa, pul hisob-kitobi bilan bogʻliq boʻlgan bank va internet-doʻkonlar uchun dolzarb mavzudir. Yaxlitlash xatosi hisobga olinmasa, 100 rubl oʻtkazma qilinganda pul miqdori 99.99 ga aylanishi mumkin va tranzaksiya miqdori aslida 1 rublga kam boʻladi. 100 rubl oʻrniga 100 000 ni tasavvur qilsak-chi? Suzuvchi nuqta qiymatlari bilan ishlashning turli usullari mavjud. Ulardan biri foydalanish oson boʻlgan currency.js kutubxonasi. Unda valyuta bilan aniq ishlash uchun kerakli hamma narsani topasiz.

math.js

JavaScriptʼda matematik funksiyalar koʻp oʻrnatilmagan. Shu sababli yetishmayotgan funksiyalarni mustaqil yozish yoki shunchaki math.js kutubxonasidan foydalanish mumkin. Unda kompleks son, matritsa, katta qiymat va boshqalar bilan ishlash uchun funksiyalar mavjud. Kutubxona veb-saytida bunga hujjat va misollar bor. Math.js kodi ochiq, shuning uchun har kim funsiyalarni oʻziga mos ravishda takomillashtirishi mumkin.

Moment.js

Moment.js — vaqt va sanalar bilan ishlashga moʻljallangan sodda kutubxona. Turli xil aks etish formatlari, mahalliy va vaqt mintaqasini qoʻllab-quvvatlaydi. Uning yordami bilan taqvim, soat va taymerlarni yaratishda maʼlumotlarni tez va qulay tarzda qayta ishlash mumkin. Loyiha GitHubʼda 47 000 ta yulduzga ega, yangilanish va xatolar fiksi muntazam ravishda chiqariladi.

Nostandart loyihalar uchun JavaScript vositalari

Thanos JS

Thanos JS kutubxonasi loyihani optimallashtirib, uning hajmini teng yarmiga kamaytirishga yordam beradi. Bu samarali tarzda va qiziqarli algoritm yordamida amalga oshiriladi. Kutubxona tasodifiy ravishda fayllarning yarmini tanlaydi va ularni oʻchiradi. Xuddi Tanosning chertkisi kabi ishlaydi.

Elevator.js

Bu kutubxona yordamida sahifani yuqoriga va pastga siljitadigan, ammo buni oʻzgacha tarzda amalga oshiradigan tugma qoʻshish mumkin. Birinchidan, liftdagi kabi tinchlantiruvchi fon musiqasi yangraydi. Ikkinchidan, animatsiya ham lift harakatini eslatadi. Kutubxona oddiy, shu sababli uni veb-saytga qiyinchiliksiz qoʻshish mumkin. Loyiha veb-saytida demosi mavjud.

annyang

annyang ilovaga xabarlarni ovoz bilan kiritish yoki buyruqlarni qayta ishlash kabi vazifalar uchun veb-saytga nutqni tanib olish funksiyasini qoʻshuvchi ixcham kutubxona hisoblanadi. Kutubxona kodi ochiq, hajmi atigi 2 Kb va uchinchi tomon kodiga bogʻliq emas.

Maqolada JavaScript dasturlash tili ekotizimidagi foydali kutubxona va freymvorklarning atigi kichik bir qismini sanab oʻtdik. Loyihalaringizda foydalanishingiz mumkin boʻlgan yana koʻp narsalar mavjud.

Manba: Smarter, not harder: полезные библиотеки и фреймворки JavaScript

#javascript
#fullstack
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Skillfacory Media

Skillfacory Media