Boshqalar

Tajribangiz yetarli boʻlmasa, rezyume tayyorlashda quyidagi 4 ta xatoga yoʻl qoʻymang

Qisqacha maʼlumot

Ishga ariza topshiruvchi nomzodlar rezyume tayyorlashda yoʻl qoʻyiladigan xatolarni bilishi va bartaraf etishi ularga boshqa raqobatchilarga qaraganda koʻproq ustunlik berishi mumkin. Demak, birinchi xato bu – nomuvofiq ish tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rezyumega kiritishdir. Buning oʻrniga faqatgina mavjud ishga daxldor boʻlgan tajribalar haqida yozish kerak. Ikkinchisi, rezyumeni tartibga keltirish hisoblanadi. Rezyumeni mavjud ish tavsifiga moslab tayyorlash yaxshi, biroq har bir ish (vakansiya) uchun qayta tayyorlash vaqtni behuda sarflashdir. Agar siz eʼtiboringizni “marketing boʻyicha koordinator” yoki “savdo-sotiq boʻyicha yordamchi” kabi standart kasblarga qaratayotgan boʻlsangiz, bunday harakat toʻgʻri keladi. Uchinchi xatolik – rezyumega haddan ziyod ishlov berish. Odatda ish beruvchilar rezyumeni atigi bir necha soniyada tekshirib chiqadi, shuning uchun ham oddiy va ravon uslubni tanlagan maʼqul. Toʻrtinchisi, oʻzingizni sohada yangi, yaʼni tajribasiz kadr sifatida taqdim etishingizdir. Buning uchun eski elektron manzildan foydalanish oʻrniga sizni professional koʻrsatadigan boshqa bir variant yarating. Shuningdek, qidiruv jarayonida nomzodingiz oson topilishi uchun rezyumega aniq bir nom bering.

Rezyumelar. Xohlaymizmi, yoʻqmi, qaysidir ishga ariza topshirmoqchi boʻlganimizda bizga rezyume kerak boʻladi. Ishga joylashish jarayonida suhbat (intervyu) qismigacha yetib borishda rezyume uslubiy ahamiyatga egadir. Buning uchun ular siz haqingizdagi bir qancha maʼlumotlarni tekshirishini bilishingiz kerak. Chunki tanish-bilishlar yordamidan foydalanganingizda ham ertami-kechmi baribir ishga oluvchi menejerga rezyume topshirishingizga toʻgʻri keladi.

Samarali rezyumeni qanday tayyorlayman, degan savollarga koʻplab tavsiyalar mavjud. Siz uni sunʼiy intellekt (AI) tekshira olishi uchun osonlashtiring, xos koʻnikmalarga urgʻu bering va ish tavsifnomasidagi kalit soʻzlarni ham kiriting (qilmaslik kerak boʻlgan narsalarga kamroq toʻxtaldik). Lekin nomzodlarning koʻp takrorlaydigan xatolarini va ularni qanday bartaraf qilishni bilish rezyumeni boshqalaridan alohida ajratib koʻrsatadigan elementni bilishdek muhimdir. Bu esa sizni raqiblaringizdan ustuvor koʻrsatadigan va suhbat jarayoniga qadar yetib borishingizga koʻmaklashadigan farq boʻlishi mumkin.

Quyida nomzodlar rezyume tayyorlashda yoʻl qoʻyadigan 4 ta asosiy xato, ularni chetlab oʻtish va oʻrniga nima qilish kerakligi haqida maʼlumotlar keltirilgan.

1. Aloqador boʻlmagan ish tajribasini keltirish

Dastlab rekruter boʻlib ishlaganimda 1 yil ichida 100 ta ishchi qabul qilganman va minglab rezyumelar bilan tanishib chiqqanman. Bir necha yildan keyin menejer sifatida yana bir qancha ishchilarni yolladim va hozirda murabbiy sifatida mijozlarimning rezyumelarini yaxshilash bilan shugʻullanaman. Koʻpincha odamlar rezyumeda vakansiyaga aloqador boʻlmagan ish tajribalarini keltiradi, bu esa eng koʻp uchraydigan kamchilik hisoblanadi.

Avvalgi ish tajribalaringiz sizni shu darajaga yetishingizda muhim rol oʻynagan boʻlsa-da, ularning barchasi rezyumeda boʻlishi shart emas. Eʼtiborni faqatgina mavjud ishga aloqador detallarga qaratish lozim.

Masalan, siz eng quyi darajadagi marketing lavozimiga hujjat topshirmoqchisiz. Ish tajribangiz kassirlik, enagalik va qaysidir texnologiya kompaniyasidagi marketing boʻlimida amaliyotchilikdan iborat. Bunday vaziyatda oxirgi, yaʼni marketing boʻlimidagi tajribangizni keltirib oʻtishning oʻzi yetarlidir. Ammo siz uni roʻyxatning eng oxirida, boshqa ish tajribalaringizdan soʻng keltirsangiz yoki boshqa maʼlumotlar bilan uning ahamiyatini kamaytirsangiz, u holda eng kuchli tarafingizni oʻzingiz pasaytirgan boʻlasiz.

Shu sababdan amaliyotchilik faoliyatingizga koʻproq urgʻu bering va oʻsha ishlagan vaqtingizda kompaniyaga qoʻshgan hissangizni batafsil bayon qiling. Ishingizning salmogʻini koʻrsatadigan har qanday natijalarni keltiring (masalan, “Instagram kanali 20% ga oʻsdi” kabi). Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, ish tavsifida koʻrsatilgan koʻnikmalarga (“bozor tendensiyalari boʻyicha tadqiqot oʻtkazgan boʻlishi kerak” kabi) alohida eʼtibor qarating.

Agar rezyumeda maʼlumotlar kamdek koʻrinsa, alohida qoʻshimcha ish tajribasi kategoriyasi ostida boshqa tajribalaringizni yozishingiz mumkin. Yoki yana bir boʻlim qoʻshib, u yerda ayni lavozimga mos koʻnikmalarga misol boʻla oladigan boshqa volontyorlik faoliyatingizni ham keltirib oʻting.

Albatta, bu faoliyatingiz yaqin orada bajarilgan boʻlsin. Masalan, 10 yil avval maktabdagi musobaqalarda final ishtirokchisi boʻlgansiz deylik, lekin u bugungi kunda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan boʻlishi mumkin. Yana bir misol, men Ruminiya oʻsmirlar voleybol terma jamoasi safida oʻynaganman, biroq oradan ancha vaqt oʻtdi. Bu karyeramning dastlabki qismiga doirligi uchun rezyumega kiritmayman. Biroq kezi kelganda professional sportchi boʻlgan suhbatdosh bilan yaqinroq aloqa oʻrnatish maqsadida gap orasida buni aytib oʻtishim mumkin.

Avvalgi ish tajribalaringizdan bir xilda foydalaning: rezyumega eng munosiblarini kiriting va boshqalarini zaxirada saqlang. Mabodo intervyu davomida ehtiyoj sezilsa, ulardan foydalansangiz boʻladi.

2. Rezyumeni tartiblashga behuda vaqt sarflash

“Har bir vakansiya uchun rezyumeni moslashtiring”, degan maslahatni eshitgan boʻlsangiz kerak. Rezyumeni ariza topshirgan ish oʻrniga moslab tuzish foydali boʻlishi mumkin, lekin har bir vakansiya uchun uni qayta ishlash shunchaki vaqtni behuda sarflashdir. Bu ish topish jarayonini sekinlashtiradi. Agar siz eʼtiboringizni “marketing boʻyicha koordinator” yoki “savdo-sotiq boʻyicha yordamchi”, “maʼmuriy ishlar boʻyicha yordamchi” kabi standart kasblarga qaratayotgan boʻlsangiz, bunday harakat toʻgʻri keladi.

Agar ariza topshirayotgan vakansiyalaringiz bir yoʻnalishga mansub boʻlsa, u holda rezyumeni har bir ish uchun qaytadan yozishingiz shart emas. Ammo qoʻlingizda oʻxshash turdagi bir necha xil vakansiyalarga javob beradigan universal, yaxshi rezyume boʻlishi kerak.

Xoʻsh, bu qanday boʻladi?

Bunday vaziyatda sizning foydangizga ishlaydigan bir nechta samarali strategiyalar ishlab chiqilgan:

Aytaylik, siz turli xil kompaniyalardagi marketolog lavozimiga ariza topshirmoqchisiz. Dastavval murojaat qilishingiz mumkin boʻlgan tashkilotlardagi marketologlik lavozimlari uchun 10 tadan 20 tagacha boʻsh ish oʻrinlarini aniqlashtirib oling. Ushbu tavsiflarning birlashtirilgan matnini ChatGPTʼga oʻxshash vosita – GenAIʼga kiriting. Soʻng GenAIʼga “Ushbu ish tavsifnomalari boʻyicha 10 tadan 20 tagacha boʻlgan eng muhim masʼuliyatli koʻnikmalar qaysi?” degan soʻrovni kiriting.

Qilishingiz kerak boʻlgan eng oxirgi ish – rezyumeni yangilash, ish tajriba va koʻnikmalaringizga va yuqoridagi yutuqlaringizga alohida urgʻu berishdir. Yana qaytarib oʻtamiz, bundan maqsad vakansiyaga qoʻyilgan talablarga javob berishingizni koʻrsatib berish va rezyume eʼtibor tortishiga sabab boʻladigan kalit soʻzlardan foydalanishdir.

Agar rezyumeda “yangi mijozlarni jalb qilishga hissa qoʻshdim”, degan boʻlsangiz, ish talablarida esa “yangi biznes yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida savdo-sotiq faoliyatlarida qatnashgan” deb yozilgan boʻlsa, nima qilish kerak? Siz uni “Yangi mijozlarni jalb qilish va biznes yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun savdo faoliyatlariga hissa qoʻshganman”, tarzida yozishingiz mumkin.

Agar yuqoridagi tavsiyalarga amal qilsangiz, rezyume juda ishonchli chiqadi va uni yangilashga ehtiyoj sezmaysiz. Shuningdek, ish topishingiz tezlashadi va birdan ortiq tashkilotlarga suhbatga chaqirilish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

3. Rezyumega ortiqcha ishlov berish

Shuni yodda tutish kerakki, sizning hujjatingiz rekruter va ishga qabul qiluvchi menejer koʻrib chiqadigan oʻnlab yoki yuzlab rezyumelarning bittasi xolos. Ular (yoki sunʼiy intellekt) sizni suhbatga chaqirish yoki chaqirmaslikka qaror qilishdan oldin rezyumega bir necha soniyada koʻz yugurtirib chiqadi. Juda koʻp hollarda nomzodlar rezyumelarini haddan ortiq dizaynlashtiradi, kreativ uslubda tayyorlaydi. Bu esa ularni tekshirishda noqulaylik keltiradi va bu xato hisoblanadi.

Shu oʻrinda bir misol keltirsam, rekruter boʻlib ishlagan paytimda rezyumedan vakansiyaga mos keluvchi kalit soʻzlarni qidirardim va bir necha soniya tekshirardim xolos. Agar u jimjimador uslubda yaratilgan boʻlsa, koʻrib chiqish koʻproq vaqt talab qilardi, menda esa ortiqcha vaqt boʻlmasdi. Noodatiy formatda yozilgan rezyume yuboriladigan arizalarning tartibini chalkashtirishi ham mumkin. Bunday holatlarda rezyume ish beruvchiga yetib borguncha koʻplab kechikishlarga uchraydi.

Shu sababli kreativligingiz va boshqa qobiliyatlaringizni namoyish etishni suhbat bosqichiga qoldiring. Rezyumeni sodda va tartibli qilish orqali ishga yollovchi xodimning mushkulini oson qilgan boʻlasiz. Agar siz sohada yangi ish boshlagan mutaxassis boʻlsangiz va taʼkidlab oʻtishga arzirli koʻnikmalaringiz kam boʻlsa, u holda sizga bir sahifalik rezyume yetarli boʻladi. Aksincha, 5–10 yillik ish tajribasiga ega professional boʻlsangiz, unda sizga ikki sahifalik rezyume mos kelishi mumkin.

Rezyume tayyorlash jarayonida oddiy, boringki, zerikarli uslubdan foydalaning. Microsoft Wordʼga oʻxshash dasturlarda gʻoya olishingiz mumkin boʻlgan sodda namunalar bor. Standart shablondan foydalanish va rezyumeni iloji boricha quyidagicha rejalashtirish tavsiya qilinadi: maqsadni bayon etish, koʻnikmalar, taʼlim va tugallangan kurslar, ish tajribasi, olingan sertifikatlar va koʻngillilik faoliyati (agar aloqador boʻlsa). Agar ish tajribangizga koʻproq eʼtibor tortishni istasangiz, taʼlimning oʻrniga tajribangiz haqida yozing, chunki tajriba koʻproq tosh bosishi mumkin.

Rezyumeda boshdan oxirga qadar izchil va professional formatlash uslubini saqlab qoling. Mos kelmaydigan yozuv shriftlari, uslublar yoki intervallardan foydalanish rezyumening tashqi sifatini kamaytiradi. Yozishda asosan Arial, Cambria yoki Times New Roman kabi oʻqilishi oson shriftlardan foydalanish tavsiya etiladi. Shuningdek, agar faqatgina bitta gap ikkinchi sahifaga oʻtadigan boʻlsa, uni birinchi sahifaga sigʻdirish yoʻlini oʻylab toping.

4. Yangi (yosh) kadr sifatida namoyon boʻlish.

Notoʻgʻri tanlangan elektron pochta manzili rezyumeni oʻqish jarayonida salbiy taassurot uygʻotishi mumkin. Baʼzi pochta manzillari kulgili yoki yoqimsiz soʻzlar, ayrimlari esa nomzodning tugʻilgan kuniga oʻxshash raqamlar yoki shunchaki taxminiy harflar va sonlardan tuzilgan boʻladi.

Shu oʻrinda pochta manzilining ishga aloqasi yoʻq-ku, deyishingiz mumkin. Lekin u nomzodning rezyume yozish qoidalaridan xabardorligidan dalolat beradi. Pochta manzili yaratish bepul boʻlib, ish faoliyati bilan bogʻliq vaziyatlarda foydalanishingiz uchun yana bitta ochsangiz ham boʻladi. Professional koʻrinishdagi pochta manzili nomzodning ismini oʻz ichiga oladi va u faoliyati toʻxtamagan tarmoqda boʻladi (masalan, .com yoki .org kabi).

Qoʻshimcha tavsiya: rezyume faylingizni shunchaki “Rezyume” deb nomlamang. Toʻgʻri, u sizda bitta boʻlishi mumkin, biroq ish beruvchilarda bunaqasidan minglab boʻladi. Shuning uchun “Rezyume” deb nomlangan fayl yoʻqolib qolish yoki notoʻgʻri joylanish ehtimoli bor.

Rezyumeni PDF formatida yuboring. Word shaklida yuborsangiz, tavakkal qilgan boʻlasiz. Uzatish tizimida arizaning formatidagi tartib buzilishi mumkin, natijada rekruter qoʻliga tartibga solinmagan matn yetib boradi. Bunday holat doim ham sodir boʻlmaydi, lekin chorasi bor boʻla turib nega tavakkal qilishingiz kerak?

Rezyumedan koʻra oʻzingiz muhimroq ekanligingiz ayni haqiqat. Shuningdek, ishga ariza topshirish jarayonining boshqa bosqichlari ham borki, unda siz shaxsiyatingiz yoki boshqalardan ustunlik taraflaringiz haqida bemalol maʼlumot bera olasiz. Lekin bularni rezyumeda keltirmang. Yuqorida sanab oʻtilgan kamchiliklarni chetlab oʻtib, ajoyib rezyume yaratsangiz, u ish topish va suhbatga chaqirilish jarayonlarida alohida ahamiyat kasb etishi aniq.

Manba: 4 Resume Mistakes to Avoid When You Don’t Have Much Experience

Rezyume tayyorlash uchun yana bir qancha muhim tavsiyalar mavjud. Ularni yirik xodimlar jamoasiga ega, muntazam kadrlarni oʻqitish bilan shugʻullanuvchi va shu sababli koʻp rezyumelarni qoʻldan oʻtkazgan Mohirdev kompaniyasining qoʻllanmasidan ham topishingiz mumkin. Uni bu yerdan yuklab olsangiz boʻladi.

#resume
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Harvard Business Review

Harvard Business Review