Soft skills
Taym menejment: vaqtni boshqarish uchun 15 tadan koʻp samarali usul
Taym menejment texnikalari: mashhur Pomodoroʼdan tortib oddiy “Ertaga bajar”ga qadar
Taym menejment — hayotimizning eng cheklangan resursi boʻlgan vaqtni boshqarish sanʼati. Boshqaruvchi, dizayner yoki dasturchi — har biri minimal vaqt va kuch sarflab, maksimal darajada vazifa bajarishga vaqt topishi uchun kunini rejalashtirishi kerak.
Bugungi kunda taym menejmentni oʻz qonun va usullarini ishlab chiqadigan fan deb atash mumkin. Maqolamiz shu haqida.
Pomodoro texnikasi
Franchesko Chirillo tomonidan 1980-yillarning oxirida ishlab chiqilgan Pomodoro usuli juda sodda: ish vaqti 25 daqiqalik intervallarga boʻlinadi va 5 daqiqalik qisqa tanaffuslar bilan navbatlashib keladi. Bunday sikllarning har biri “pomidor” deb ataladi. Har toʻrtinchi “pomidor”dan keyin uzoqroq tanaffus qilib, koʻproq dam olish kerak.
“Pomidor”dan imkon qadar samarali foydalanish uchun dastlab kunlik vazifalar roʻyxatini tuzish kerak. Vaqtni “pomidor”larga boʻlish uchun taymer yoki telefon va kompyuterdagi maxsus dasturlardan foydalanish mumkin. Bitta vazifa bir nechta pomidor intervaliga teng vaqtni olishi mumkin.
Usul diqqat-eʼtiborni jamlabgina qolmay, maqsadlarga erishish va vaqt chegaralari hissining shakllanishiga yordam beradi. Shuningdek, vazifalarning tartibga solinishi va tartibli dam olish zarurati oʻrtasidagi muvozanatni topish uchun ajoyib usuldir.
“90/30” texnikasi
“90/30” texnikasi ham Pomodoro singari sikllarga asoslangan: diqqat-eʼtibor bilan vazifa ustida 90 daqiqa ish, keyin 30 daqiqa hordiq. Bu yondashuv inson diqqat-eʼtiborining ultradian ritmlari deb ataladigan tabiiy ritmlari ustida olib borilgan tadqiqotlariga asoslangan boʻlib, kun davomida yuqori mahsuldorlikni saqlashda yordam beradi.
Bu usulda Pomodoroga nisbatan uzoqroq vaqt ishlash koʻzda tutilgan boʻlib, chuqur diqqat-eʼtibor talab qilinadigan vazifalarni bajarishda 25 daqiqa yetarli boʻlmaganlar uchun samarali boʻlishi mumkin.
Kanban texnikasi
Kanban texnikasi ilk bor Yaponiyaning Toyota kompaniyasi ishlab chiqarishida paydo boʻldi. Usulning mohiyati — ish jarayonini vazifa va loyihalarni vizualizatsiya qilish vositasi boʻlgan kanban doskasi yordamida taqdim etish. Vizualizatsiya taraqqiyot va ustuvor vazifalarni kuzatishni osonlashtiradi hamda resurslarni samarali taqsimlash imkonini beradi. Zamonaviy sharoitda u nafaqat ishlab chiqarish, balki ofis ishlari yoki AyTi loyihalarni boshqarishda ham ommabop boʻlishga erishdi.
Shunday qilib, barcha vazifalar Kanban doskasiga joylashtiriladi va uchta toifa: “bajarilishi kerak”, “jarayonda” va “bajarildi”ga boʻlinadi. Vazifalar bir bosqichdan ikkinchisiga oʻtib, oʻsishni oson kuzatish va ish jarayonidagi “nozik nuqtalarni” aniqlash imkonini beradi.
Albatta, bugungi kunda qalam yoki markerli doskani uchratish amrimahol, ammo Kanban usuliga asoslangan onlayn doskalar keng tarqalgan. Ulardan eng mashhurlari Trello bilan Kaiten hisoblanadi.
“Langar” texnikasi
“Langar” kun boshida maʼlum bir faoliyatni boshqa barcha ishlarning ritmini belgilab beradigan barqaror nuqta (langar) sifatida oʻrnatishni koʻzda tutadi. Masalan, ertalabki sport, kofe tayyorlash marosimi yoki meditatsiya langar boʻlishi mumkin.
Maʼlum bir vazifa bajarilishini boshlash maqsadida trigger sifatida foydalanish uchun muntazam amalga oshiriladigan har qanday hodisa yoki harakat langar boʻlishi mumkin.
Langar aqliy qobiliyatlarni safarbar qiladigan maʼlum bir psixologik yoki hissiy holatni keltirib chiqaradi. Bu miya uchun yoʻl koʻrsatuvchi nurga oʻxshaydi: langarni koʻrib yoki his etgan holda tezroq kerakli ishga oʻtamiz.
“Hech boʻlmasa, bir necha daqiqa” texnikasi
Agar vazifa juda qiyin yoki katta boʻlib tuyulsa, uning ustida hech boʻlmaganda bir necha daqiqadan ishlashni boshlang. Koʻpincha bu qarshilikni yengishga, keyin esa odatdagi ritmda davom etishga yordam beradi.
“Hech boʻlmasa, bir necha daqiqa” usulining mohiyati ham shunda, yaʼni yoqimsiz yoki qiyin vazifani boshlab olish uchun oʻzingizga atigi bir necha daqiqa sarflashni vaʼda qilishdir. Odatda bunday bir necha urinishdan soʻng ishni toʻliq boshlash ancha osonlashadi.
Vazifani bajarishni boshlab olganimizdan keyin koʻpincha rejalashtirilgan vaqtdan ancha uzoqroq davom etishimiz mumkinligini payqaymiz. Miya bizni qanday boʻlmasin aldashga harakat qilib, yoqmayotgan ishni kechiktirishimizga majbur qilar ekan, biz miyani aldashni oʻrganamiz!
“Qurbaqani yeyish” texnikasi
“Qurbaqani yeyish” — birinchi marta kanada-amerikalik notiq va oʻz-oʻzini rivojlantirish haqidagi nashrlar muallifi Brayan Treysining xuddi shu nomdagi kitobida taklif etilgan atama. Uning mohiyati oddiy: sizning “qurbaqangiz” — siz kechiktirishga moyil boʻlgan kunning eng qiyin va eng muhim vazifasi. Kechiktirish koʻpincha yoqimsiz yoki katta hajmdagi ishni boshlashni istamaslik bilan bogʻliq. Brayan Treysi kunni aynan “qurbaqa yeyish” bilan boshlashni taklif qiladi. Bu erishilgan muvaffaqiyat hissini yaratadi va kun boʻyi yetadigan energiya beradi.
Qiziqarli fakt: qurbaqani isteʼmol qilish bilan oʻxshashlikni Brayan Treysi emas, balki Mark Tven oʻylab topgan. U shunday degan: “Ertalab birinchi navbatda tirik qurbaqani isteʼmol qiling va kunning qolgan qismida siz uchun bundan battaroq boshqa narsa boʻlmaydi!”
“Uch ish” texnikasi
“Uch ish” texnikasiga koʻra, kun uchun eng muhim uchta vazifani tanlang va barcha kuchingizni ularni bajarishga qarating. Bu har bir ish kunini aniq maqsad bilan taʼminlaydi.
“Uch ish” metodikasi rejalashtirishda minimalizmga intiladi. Har kuni eng muhim uchta vazifani aniqlash va bor eʼtiborni ularni bajarishga qaratish kerak. Usulning mohiyati ish miqdori emas, balki sifatiga qaratilgan. Bunday yondashuv ortiqcha yuklama va haddan tashqari koʻp vazifalardan charchashning oldini olib, diqqatni haqiqatan ham muhim maqsadlarga jamlashga yordam beradi.
“Asosli rad” texnikasi
Nafaqat taym menejerlik, balki shaxsiy chegaralarni qurish koʻnikmalaringizni ham yaxshilaydigan texnika.
“Asosli rad” — vaqt va energiyani isrof qilishning oldini olish orqali eʼtiborni ustuvor vazifalarga qaratishning bir usuli. Texnika ahamiyatsiz iltimoslarni rad etish va asosiy ishlaringiz yoki shaxsiy maqsadlaringizga mos kelmaydigan vazifalarni boshqalarga topshira bilishdan iborat. Usuldan samarali foydalanish uchun oʻz yuklamangizni obyektiv baholashni va rad javobingizni asoslab, ishonch bilan “yoʻq” deb aytishni oʻrganishingiz kerak.
Ustuvor vazifalar uchun vaqtni tejashda oʻzingizni aybdor his etmay “yoʻq” deyishni oʻrganish muhimdir. Asosiy maqsadlaringizga erishishga hissa qoʻshmaydigan iltimos va takliflarni rad etishni oʻrganing.
“Avtofokus” texnikasi
Britaniyalik taym menejment boʻyicha mutaxassis Mark Forster tomonidan ishlab chiqilgan “Avtofokus” tizimi roʻyxatdagi vazifalarni biror bajarilish tartibiga rioya qilmasdan intuitiv tanlashga asoslangan. Bu qatʼiy vaqt chegaralari tufayli stressga tushmagan holda ustuvorlikni tabiiy ravishda tanlashga yordam beradi.
Barcha ishlarni paydo boʻlgan zahoti yozib borasiz. Roʻyxatning har bir bandi ustida u tugaguniga yoki keyingi vazifaga oʻtish vaqti kelganini his qilgunga qadar izchil ravishda ishlaysiz.
Usulning mohiyati bitta uzun vazifalar roʻyxatidan foydalanib, vazifani hozirgi holatingiz va ustuvorlik asosida intuitiv ravishda tanlashdan iborat.
Bu vaqtni rejalashtirishning qoʻshimcha odatlar kiritilishini talab qilmaydigan eng tushunarli va tanish usuli boʻlsa kerak.
“Ertaga bajarilsin” texnikasi
Mark Forster oʻzining “Buni ertaga bajar” kitobida tasvirlagan yana bir oddiy texnika. Usulning muallifi vazifalarni oldindan rejalashtirishga eʼtibor qaratishni taklif etadi. Tongni kelgusi vazifalar haqidagi aniq tasavvur bilan boshlash uchun kun oxirida ertangi qilinadigan ishlar roʻyxatini tuzing.
4D texnikasi
“4D” nomi inglizcha Delete (oʻchirish), Delay (kechiktirish), Delegate (boshqaga topshirish), Do (bajarish) soʻzlaridan kelib chiqqan.
"4D metodikasi maʼlumot va vazifalar oqimini tez qayta ishlash tizimidan iborat. Unga koʻra, kelib tushgan har bir vazifani quyidagi roʻyxatlarga taqsimlash kerak:
“Delete” — muhim boʻlmagan narsani oʻchirish;
“Delay” — kutishi mumkin boʻlgan narsani kechiktirish;
“Delegate” — boshqalar bajara olishi mumkin boʻlgan narsani topshirish;
“Do” — darhol eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan narsani bajarish.
Bunday yondashuv ish jarayonining aniq strukturasini taʼminlaydi va katta hajmdagi maʼlumotlarni ortiqcha yuklamasiz boshqarish imkonini beradi."
Shu tarzda oʻzingiz uchun faqat “Do” roʻyxatidagi vazifalarni qoldirasiz. Bu esa yuklamani sezilarli darajada kamaytiradi.
“Domino” texnikasi
Bu usul domino effektiga asoslangan: bitta vazifani “turtish” orqali keyingi vazifalarning muvaffaqiyatli bajarilishini taʼminlaydigan zanjirli reaksiyani ishga tushirasiz.
“Domino” texnikasining ahamiyatli nuqtasi maqsadlarga erishishni taʼminlaydigan “turtuvchi” vazifani aniqlashdir. Bajarilishi butun ish jarayoniga kattaroq ijobiy taʼsir koʻrsatadigan vazifani tanlash kerak.
“Turtuvchi” — eng muhim vazifa. Buni aniqlash oson, masalan, sizga eng koʻp daromad keltiradigan ish.
Shveytsariya pishlogʻi usuli
Usulning mohiyati — katta hajmdagi vazifalarni Shveytsariya pishlogʻining katta boʻlagidagi teshiklarni eslatadigan mayda harakatlarga ajratish. Asosiy gʻoya — katta vazifalarda asta-sekin “yeb bitirish” uchun kichik ishlardan boshlab “teshikchalar” yaratishdan iborat. Vazifalarni kichik ishlarga ajratish qoʻrquv va kechiktirishni yengish imkonini beradi, shuningdek, muvaffaqiyat hissini yaratib, ishni davom ettirishga motivatsiya beradi.
“Shveytsariya pishlogʻi” usulidan foydalanganda loyiha yoki topshiriqning asosiy nuqtalarini aniqlash va ular ustida navbat bilan ishlashni boshlash kerak. Bu ishni tartibga soladi, kamroq charchatadi va diqqatni jamlaydi.
Bu texnikani qoʻllash tadbirkor, menejer va oʻz samaradorligini oshirishga qiziqqan har bir kishiga ish yuklamasini tartibga solish va ortiqcha stressiz yuqori natijalarga erishishga yordam beradi.
“Eyzenxauer matritsasi” texnikasi
“Eyzenxauer matritsasi” vazifalarni ahamiyati va shoshilinchligiga koʻra toifalarga ajratib, ish tartibini aniqlash va faqat eng muhimlari uchun vaqt ajratishni taklif qiladi.
Eyzenxauer matritsasi ikkita mezon: vazifalarning shoshilinchligi va ahamiyatiga asoslangan aniq harakatlar qoʻllanmasidan iborat. Tizim vaqtni samarali boshqarish koʻnikmalari bilan tanilgan AQShning 34-prezidenti Duayt Eyzenxauer sharafiga nomlangan.
Eyzenxauer matritsasi bilan ham kundalik vazifalarni, ham uzoq muddatli maqsadlarni samarali boshqarish mumkin. Vazifalar shoshilinchlik va ahamiyat darajasiga koʻra toʻrt kvadratga taqsimlanadi: darhol bajarilsin, kelajakda bajarish rejalashtirilsin, boshqa shaxsga topshirilsin va bajarish rad etilsin.
Bullet Journal texnikasi
Bullet Journal — jurnalni nuqtalar (bullets) bilan tezda toʻldirish usuli boʻlib, unda qaydlar turi: vazifa, hodisa yoki eslatmalarni bir-biridan ajratish uchun belgilardan foydalaniladi. Bu maʼlumotni oddiy kodlash orqali qaydlarni rejalashtirish va saqlashda moslashuvchanlikni taʼminlaydi.
Usulda vazifalarning holati (bajarilgan, koʻchirilgan) va qaydlar turi (eslatmalar, voqealar) yordamida har bir kun, oy yoki yil uchun bajariladigan ishlar roʻyxatidan iborat kundaliklarni yaratish koʻzda tutilgan.
Bullet Journal vaqtni tashkil qilishning raqamli alternativlardan koʻra analog usullarini afzal koʻrganlarga yordam beradi.
Zero Inbox texnikasi
Zero Inbox texnikasi mutaxassis Merlin Mann tomonidan pochta qutisining xabarlar bilan toʻlib ketishiga javob sifatida ishlab chiqilgan. Zero Inbox — elektron pochtani boshqarish strategiyasi boʻlib, har bir tekshiruvdan soʻng pochta qutingiz boʻsh qoladi. Ish tamoyili qabul qilingan har bir xabar borasida darhol qaror qabul qilishdan: oʻchirish, arxivlash, javob berish yoki pochta keyingi safar qayta ishlagunga qadar kechiktirishdan iborat. Tekshirilmagan yoki qayta ishlanmagan pochtaning yoʻqligi fikrlarni tartibga soladi va samaradorlikni oshiradi.
Zero Inbox xabarlarni avtomatik ravishda toifalar boʻyicha tartibga solish uchun filtr va papka tizimlarini yaratishga yordam beradi. Ahamiyatsiz yozishmalarni darhol oʻchirib tashlash yoki keyinchalik koʻrib chiqish uchun tegishli tarzda saqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga undaydi.
Agar elektron pochtani atavizm deb hisoblasangiz, unda bu usulni har qanday ish chati va messenjerlarga qoʻllang!
Yuqoridagi usullarning har biri oʻziga xos tarzda noyob boʻlib, toʻgʻri qoʻllanganda sezilarli natijalarga olib kelishi mumkin. Asosiysi, vaqtni boshqarish uchun tanlangan strategiyani amalga oshirishda izchil boʻlish, olingan natijalarni muntazam ravishda tahlil qilish va samaradorlikni oshirish, yondashuvlarga tuzatishlar kiritib turish lozim.
Xulosa oʻrnida
Taym menejment — samaradorlikni oshirish va maqsadlaringizga erishishda yordam beradigan vaqtni boshqarish sanʼati. Taym menejmentning koʻplab usullari mavjud boʻlib, eng yaxshi natijaga erishish uchun turli xil usullarni sinab koʻrishingiz va oʻzingiz uchun mosini tanlashingiz yoki bir vaqtning oʻzida bir nechta usullardan foydalanishingiz mumkin.
Manba: Тайм-менеджмент: 15+ эффективных методов для управления временем