Boshqalar

Texnik suhbatga tayyorgarlik: dasturchi maslahatlari

Texnik suhbat — dasturchining amaliy koʻnikmalari va bilim darajasini tekshirish. Unga qanday tayyorgarlik koʻrish kerakligi va bu jarayonda qaysi xatolarga yoʻl qoʻymaslik haqida hikoya qilamiz.

  • Texnik suhbat nima?

  • Texnik suhbat qanday oʻtadi?

  • Texnik suhbatga qanday tayyorgarlik koʻrish kerak?

  • Texnik suhbatda tez-tez beriladigan savollar

  • Suhbatdagi asosiy xatolar

  • Ekspert maslahati

 

Texnik suhbat nima?

Texnik suhbat — nomzodning ish beruvchi bilan uchrashuvi, unda mutaxassisning koʻnikmalari aniqlanadi va uning greydi — stajyor, junior, midl, senior yoki timlid ekani aniqlanadi.

AyTi kompaniyaga ishga kirish odatda bir necha bosqichda boʻladi: 

  1. Ishga yollovchi bilan qisqa suhbat. Unda nomzod jamoaga mos kelishi yoki ishga joylashishga qanchalik qiziqishi borligi baholanadi. 

  2. Ishdagi real vazifalarga yaqin boʻlgan test topshirigʻi. U koʻpincha dizayner, tahlilchi, masalan, mahsulot muharrirlariga beriladi. 

  3. Texnik ekspertiza tekshiruvi. Nomzod berilgan topshiriqni bajaradi va suhbat jarayonida suhbatdoshiga oʻz fikrlarini tushuntirib boradi. 

  4. Jamoa bilan tanishish.

Texnik suhbat qanday oʻtadi?

Texnik suhbat oʻrtacha bir soat davom etadi, ammo bu muayyan kompaniya qoidalariga bogʻliq. Suhbat koʻpincha onlayn tarzda boʻlib oʻtadi va qisqa intervyudan boshlanadi. Nomzoddan oldin qayerda ishlagani, amaliyotda qanday qiziqarli keyslar boʻlgani soʻralishi mumkin. Baʼzan algoritmlar, maʼlumotlar bazalari, kutubxonalar, freymvorklar, dasturlash tillari va boshqalar haqida umumiy texnik savollar beriladi.

Suhbatdan soʻng nomzodga TT — texnik topshiriq beriladi. Masalan: 

  • Dasturchiga dastur yozish yoki koddagi xatoni topish taklif qilinishi mumkin. U kodni matn muharririda yozishi mumkin va koʻpincha suhbat paytida uni ishga tushirish imkoniyati boʻlmaydi. Ish beruvchilar shu tarzda dasturchining ishlaydigan kodni “toza” yarata olishini tekshiradi.

  • Dasturiy taʼminot arxitektoriga Miroʼdagi doskaga kirish huquqi berilishi va stikerlar formatida, masalan, restoranlar tarmogʻi uchun mobil ilovada ish tizimini loyihalash soʻralishi mumkin. 

  • Maʼlumotlar tahlilchisiga veb-saytda yangi funksiyalarni joriy etish foydalanuvchilar oqimiga qanday taʼsir qilishini baholash taklif etilishi mumkin. Ish beruvchi shu tarzda momzodning ehtimollik nazariyasi va statistika haqidagi bilimlarini, mantiqiy fikrlash qobiliyatini sinab koʻradi.

Texnik suhbatga qanday tayyorgarlik koʻrish kerak?

Suhbatga tayyorgarlik koʻrishning bir nechta usullari: 

  • Internetda maʼlumot qidirish. Bu, ayniqsa, tajribasiz nomzodlar uchun dolzarbdir. YouTubeʼda oʻz mutaxassisligingiz boʻyicha suhbatlar videosini tomosha qilish, shuningdek, tarmoqdagi Github kabilarda koʻp beriladigan savollarni oʻrganib chiqish mumkin. 

  • Mashq qilish. Masalan, LeetCode, Codewarsʼda bir nechta topshiriqlarni bajarish va Codeshare yoki CodeInterview kabi layvkoding muharrirlarida ishlash. 

  • Mock Interview — oʻquv suhbatidan oʻtish. Mutaxassis AyTida ishlaydigan, texnik suhbatlar qanday oʻtishini biladigan va suhbatdosh rolini bajarishi mumkin boʻlgan kishini topishi kerak. Mock Interview haqiqatga yaqin sharoitlarda boʻlishga va mashq qilishga yordam beradi.

Texnik suhbatda tez-tez beriladigan savollar

Texnik suhbatning asosiy maqsadi — mutaxassisning oʻz bilimlarini amalda qanday qoʻllashini tekshirish. Ammo nomzod topshiriqni bajarayotgan paytda suhbatdosh nazariyadan ham savollar berishi mumkin. 

Masalan, analitiklardan A/B testlari uchun tanlovlar oʻlchamini qanday aniqlash yoki mahsulotning qanday metrikalari boʻlishi mumkinligi soʻralishi mumkin. Marketologlardan esa trafikni jalb qilish usullari yoki email xabarlar samaradorligini qanday baholash haqida soʻraladi.


Junior dasturchilardan quyidagilar soʻralishi mumkin:

  • Qaysi maʼlumotlar bazasidan foydalangan maʼqul?

  • Muayyan freymvorkning kamchiliklari nimada?

  • Yozilgan yechimning algoritmik murakkabligi qay darajada?

  • Qaysi holatlarda yozilgan kodni testdan oʻtkazib koʻrish kerak?

  • Topshiriq shartlari oʻzgartirilsa nima boʻladi?

Suhbatdagi asosiy xatolar

Nomzodlar texnik suhbatda koʻpincha yoʻl qoʻyadigan xatolarni toʻpladik: 

Shoshqaloqlik. Kodni yozishni boshlashdan avval topshiriqning shartlarini aniqlab olish va tushunarsiz narsalarni soʻrash kerak.

Sukut saqlash. Nomzodlarning koʻpchiligi topshiriqni sukut saqlagan holda bajaradi. Ammo bu eng yaxshi harakat modeli emas. Suhbatdosh bilan yechim mantigʻini muhokama qilish maqsadga muvofiq, masalan, nima qilish, qaysi vositalardan foydalanish kerak, qancha xotira talab etiladi. Bunday holda suhbatdosh yoʻnaltiruvchi savollar orqali hatto yordam berishi mumkin.

Bilim va koʻnikmalarni boʻrttirish. Mutaxassis biror bilmagan narsasini roʻyi-rost aytishi kerak. Shuningdek, oʻrganishga va xatolari ustida ishlashga tayyorligini bildirishi lozim. 

Hayajon. Bu texnik suhbatlardagi muvaffaqiyatsizlikning juda keng tarqalgan sababi.

 

Ekspert maslahati

Artyom Streltsov

Suhbat — teng huquqlilar muloqoti. Nomzod shuni yodda tutishi kerak: agar u taklif qilingan boʻlsa, demak, kompaniya uni istiqbolli mutaxassis deb biladi va ishga yollashdan manfaatdor. Buni bir tomonlama muloqot sifatida qabul qilmaslik kerak. Eng yaxshi holatda kishi ishga olinadi, eng yomonida esa ish beruvchilar oʻz fikr-mulohazalarini bildiradi va keyin nomzod suhbat uchun oʻz koʻnikmalarini qanday oshirishni tushunib olishi mumkin.

Manba: Как подготовиться к техническому собеседованию: советы разработчика

#maslahat
#interview
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
Yandex Praktikum

Yandex Praktikum

O'xshash maqolalar

Qanday qilib boshqa juniorlar orasida ajralib, AyTida birinchi ishni topish mumkin?
resume
junior

4-may, 2024

Qanday qilib boshqa juniorlar orasida ajralib, AyTida birinchi ishni topish mumkin?

Qanday qilib AyTi sohasida birinchi ishni topish va kompaniya taklif yuboradigan “oʻsha” mutaxassis boʻlish toʻgʻrisida hikoya qilamiz.

Maqolani o'qish
GitHub nima va undan qanday foydalanish mumkin?
github
guide

18-aprel, 2024

GitHub nima va undan qanday foydalanish mumkin?

Dunyodagi eng mashhur AyTi loyihalar hostingi va birgalikda dasturlash platformasi haqida qisqacha qoʻllanma

Maqolani o'qish
Java yoki Python: yangi boshlayotgan dasturchi qaysi tilni tanlagani maʼqul?
python
java

29-aprel, 2024

Java yoki Python: yangi boshlayotgan dasturchi qaysi tilni tanlagani maʼqul?

Java va Python eng mashhur dasturlash tillaridan biridir. Oʻrganish uchun tilni tanlashda ularning xususiyatlari, farqlari va ular yechimini topishga yordam beradigan vazifalarni bilish kerak.

Maqolani o'qish
Sunʼiy intellekt zamonida kod yozadigan dasturchilar uchun zarur “qattiq” (hard skills) va “yumshoq” (soft skills) koʻnikmalar
Sunʼiy intellekt
NLP
Yumshoq koʻnikmalar

18-aprel, 2024

Sunʼiy intellekt zamonida kod yozadigan dasturchilar uchun zarur “qattiq” (hard skills) va “yumshoq” (soft skills) koʻnikmalar

Sunʼiy intellekt (SI) dasturlash sohasida oʻziga xos inqilobga sabab boʻlayotgan boʻlsa-da, u hanuz dasturchilar koʻrsatmasi asosida ishlaydi. Bu maqolada sunʼiy intellekt asosidagi yangi dasturlash muhitida dasturchilar qanday koʻnikmalarga ega boʻlishi kerakligi haqida gaplashamiz.

Maqolani o'qish
4 milliard if operatori

16-aprel, 2024

4 milliard if operatori

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarni koʻrib chiqayotib, mana bu skrinshotga duch keldim. Albatta, unga yangi boshlayotgan dasturchining computer scienceʼdagi klassik muammo — qoldiq bilan boʻlinishni hal qilishga boʻlgan urinishini tanqid qilgan koʻplab dargʻazab sharhlar hamroh edi.

Maqolani o'qish