Ochiq dars

Zamonaviy tadbir tashkil qilish

O'quvchini zeriktirmaydigan va samarali g'oyalar

Tadbirlar o‘quvchilarga yangi ko‘nikmalar o‘rgatib, borlarini sayqallashi kerak. Lekin qolipdagi tadbirlar bilan bunday qilishning iloji yo‘q. Maqolada o‘zgarmas ssenariyda o‘tadigan tadbirlardan biri – boburxonlik misolida yangi g‘oyalar ulashmoqchimiz. 

O‘zi odatiy boburxonlikning nimasi yomon?

Ular yomon emas. Faqat qayta-qayta bir xil ssenariyda tashkil qilingani uchun zerikarli bo‘lib qolgan. Har yili o‘sha-o‘sha “Andijondan keltirilgan qovun” sahna ko‘rinishlari, Bobur haqida faktlar o‘qib berish, bir xil qo‘shiqlarga raqs tayyorlash. O‘quvchilar bunday tadbirlarni o‘zgarmas tartibi bor majburiyat sifatida qabul qilib yuborgan. Ularga Boburni boshqa tomondan tanitadigan, unga hurmatini oshiradigan yangi g‘oyalar kerak.

Resurslar haqida

Kreativ ko‘p bo‘lishi mumkin. Faqat amalga oshirish qo‘ldan kelarmikan? Buni aniq bilish uchun o‘zingizda bor narsalarni sarhisob qiling:

  • Qo‘shiq aytadigan, she’r yozadigan yoki boshqa qanday qobiliyatli o‘quvchilaringiz bor?

  • Tayyorgarlik uchun qancha vaqt ajrata olasiz?

  • Nechta o‘g‘il, nechta qiz bola o‘quvchingiz bor?

  • Proyektor, ekran va boshqa qanday texnikalar mavjud?

Yangi g‘oyalar:

SI bilan rasm yoki animatsiya yaratish

Sun’iy intellekt yordamida informatikaga qiziqadigan o‘quvchilar bilan ijod qiling. ChatGPT haqidagi maqolamizni SI bilan ishlashda qo‘llashingiz mumkin. GPT’ga nima yaratmoqchiligingizni aytsangiz, sizga ta’rif matnini beradi. Yana uning o‘zidan qaysi saytlar bepul ishlashini so‘raysiz. Keyin shu saytlarga o‘sha ta’rif matnini kiritib, kerakli rasm yoki animatsiyani yaratasiz. Bir nechta saytdan foydalanishga to‘g‘ri keladi, chunki bepul foydalanish cheklangan. Lekin bittasiga obuna sotib olib, keyinchalik ham ishlatishingiz mumkin. Rasm va animatsiyalarni ovozlashtirib, odatiy sahna ko‘rinishlari o‘rnida foydalana olasiz. Bahonada SI natijani tabiiy chiqarishi uchun o‘quvchilar izlanib, Bobur yoki uning ijodi haqida ko‘proq bilib oladi. 

Komikslar yaratish

Chizish va hikoya yaratishni yaxshi ko‘radigan o‘quvchilar bilan kichik komiks jurnali yarating. Uni o‘quvchilarning o‘zi chizib, keyin elektron shaklga o‘tkazishi mumkin. Tadbirga kelgan ota-onalar farzandlari tayyorlagan komikslarni xarid qiladi. Bu maktab kutubxonasiga zo‘r sovg‘a bo‘ladi. Bolalarga rasm chizib, kitob yaratish va kamiga uni ko‘pchilikning qo‘lida ko‘rish yaxshi motivatsiya beradi. O‘z navbatida kitob yaratish uchun Bobur shaxsiyatidan ham xabardor bo‘lib olishadi.

G‘azallarni zamonaviy tilga moslashtirish

O‘quvchilar orasida she’r yozishga qiziqadiganlariga g‘azalni zamonaviy o‘zbek tiliga o‘girishni topshiriq qilib bering. Murakkabligini hisobga olib, yuqori sinflarga bergan va mukammallikni kutmagan ma’qul. Muhimi mazmunni buzmasdan yetkazish. Shunda she’r o‘qilganda tadbirni kuzatuvchi sinfdoshlari ham g‘azalning ma’nosini tushunib yetadi. 

Qo‘shiq kuylash

Cholg‘u chalish yoki ashula aytishga qiziqadigan o‘quvchilar bilan yuqoridagi she’rni qo‘shiqqa aylantiring. Musiqa ustozidan yordam so‘rasangiz ham bo‘ladi. Janrni ularning o‘zi tanlasin. Qoʻshiqni esa tadbirda ijro etishadi. Natijada ohangga solingan she’r ma’nosi hammaning xotirasida mustahkamroq qoladi.

She’rlarni tasvirlash

“Tole yoʻqki jonimgʻa baloligʻ boʻldi” ruboiysi uchun rasm

O‘quvchilar biror g‘azalga atab rasm chizsin. Rasm abstrakt ham bo‘lishi mumkin. Tadbir davomida kichik ko‘rgazma qilsa bo‘ladi. Tadbir kuzatuvchilari rasmga qarab qaysi g‘azal tasvirlanganini aniqlaydi. Bunda chizish uchun ham, qaysi g‘azal ekanini topish uchun ham sheʼrlarning ma’nosini o‘rganish kerak.

Bobur davrini jonlantirish

Qoʻl mehnati bilan yasalgan qal’a

Tayyor kiyimlar o‘rniga o‘quvchilar o‘z qo‘llari bilan yaratsin. O‘sha davr ovqatlarini, anjomlarini tayyorlashi, shu davrda urfda bo‘lgan mashg‘ulotlarni tiklashi, eksponatli koridor va maketlar yasatishi mumkin. Tashkilotchi o‘quvchilar yaxshi atmosfera yaratish uchun ko‘proq o‘rganadi. Kuzatuvchilar esa ko‘proq tasavvurga ega bo‘ladi.

Bobur stikerlari toplamini yaratish

    

Jorj Oruel va ‘“1984” asari uchun noutbuk stikerlari

O‘quvchilar Telegram uchun yoki noutbukka yopishtiriladigan stikerlar tayyorlasin. Bunda yuqoridagi kabi stikerlardan namuna sifatida foydalansangiz boʻladi. Stikerlar Bobur haqida yozilgan asar (masalan, “Yulduzli tunlar”) qahramonlari ham bo‘lishi mumkin. Tayyor stikerlar bilan kichik ko‘rgazma qilish va kuzatuvchilarga tarqatish ham yaxshi usul. Shunda Bobur ijodi adabiyot kitobidan kengroqqa chiqishni boshlaydi.

Ruboiy mozaikasi

Buni kichik musobaqa sifatida tashkillashtiring. Ikki guruhga bo‘lingan o‘quvchilarga g‘azal qatorlari ketma-ketligi chalkashtirib beriladi. G‘azalni asl ko‘rinishiga eng yaqin tartiblagan guruh yutadi. Musobaqada g‘olib bo‘lish uchun o‘quvchilar Bobur g‘azallaridagi falsafa va o‘xshash qonuniyatlarni o‘rganadi. Bundan tashqari, mantiqiy bog‘liqlik tuzib, aqlni charxlashadi.

Pantomima

O‘quvchilar Bobur ijodidan parchalarni ovozsiz jonlantirsin. Bu biror qahramon obrazida, g‘azal beradigan hissiyotlarni ko‘rsatuvchi, unda tilga olingan biror buyum bilan qisqa chiqish bo‘lishi mumkin. Chiqishdan so‘ng ijodiy ish nomi aytiladi. Qanchalik o‘xshaganiga kuzatuvchilar baho beradi. Har ikki tomon bilimini mustahkamlaydi va hissiyotga bog‘laydi.

Bu g‘oyalarni imkoniyatlaringizdan kelib chiqib o‘zgartirishingiz mumkin. Yuqoridagi har bir g‘oyani musobaqa tarzida o‘tkazsa ham bo‘ladi. 

Yangi g‘oyalarning foydali tomonlari

Biz taklif qilgan g‘oyalar Boburni yangi tomondan ko‘rishga, shaxsni yaqinroq his qilishga, ijodini tushunib o‘rganishga yordam beradi. Ular orqali o‘quvchilar o‘z qobiliyatlarini rivojlantirishi va namoyish qilishi mumkin. Bundan tashqari, yildan-yilga o‘zgarib turadigan boburxonlik tadbirlari o‘quvchilardagi ijodkorlikni o‘stirishga yordam beradi. Yana bir muhim tomoni – o‘quvchida maktab bilan bog‘liq yaxshi xotiralar qoladi.

Doim yangilik qiling

Bu qiyin bo‘lishi tabiiy. Lekin o‘quvchilarimizni rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan raqobatda yutqazmaydigan qilib tarbiyalaydi. Sizning kasbiy rivojlanishingizga sabab bo‘ladi. 

Yangilik qilish faqat tadbirlarga tegishli bo‘lmasdan, dars o‘tish uslublaringizga ham ko‘chishi kerak. Shunda jarayon tezlashadi va kreativ qilishda o‘quvchilarning o‘zi ham yordam bera boshlaydi.

Manba

Maqola haqidagi fikrlaringizni oʻzimizga yoki muhokama guruhiga yozishingiz mumkin.

#Ochiq dars
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
https://assets.mohirdev.uz/article-authors/67518b2fc396bff3b6f11418/20241205111434227.original.jpg

Ochiq dars