“HTML, CSSni ham kursda o’rganilar ekanmi? Ana, YouTubeda tekin video tiqilib yotibdi. O’shalardan bir nechtasini 2 haftada ko’rib chiqsang, shuning o’zi yetadi. Pul ketkazib o’tirma bunaqa narsalarga”. Shu kabi fikrlarni eshitganmisiz? Men eshitganman va bu fikrlarga mutlaqo qo’shilmayman.
Har qanday instrument yoki texnologiyaning to’g’ri, optimal ishlatilish usuli, qoidalari bo’ladi. Noto’g’ri usul bilan ham ularni ishlata olish mumkin. Lekin, bu usulda instrumentlarning bor potensialidan foydalana olmaslik yoki dastlab ko’z ilg’amaydigan tomonlarini o’rganmaganlik tufayli “qosh qo’yaman deb ko’z chiqarish” mumkin. HTML va CSS qaysidir darajada shu kabi xatolarni kechiruvchan ekanligi fundamental qoidalarni o’rganish kerak emasligini bildirmaydi.
Aytgancha, yana bir holat: deylik, Bootstrap kutubxonasidan foydalanyapsiz. Maketning dokumentatsiyada yaqqol misol bilan ko’rsatilmagan biron noqulay nuqtasiga kelib to’xtab qoldingiz. HTML va CSS asoslarini yaxshi bilmaslik bu holatda Bootstrapga tobe bo’lib qolish va mustaqil maxsus kod yoza olmaslikka, bu o’z o’rnida loyihaning bitirilishi kechikishiga olib keladi.
U ham mayli. O’zim ko’p ko’rgan holatim – internetda HTML va CSS asoslarini o’rgangandan so’ng ularni real maketlarda to’g’ri ishlata olmaslik yoki maketlar bilan ishlayotganda optimal bo’lmagan usulda kod yozish.
Shu holatlarga yechim sifatida, Xudo xohlasa, shu yili 4-iyul kuni “Frontend dasturlash asoslari” onlayn kursimning birinchi qabuli darslari boshlanadi. Bu kursda HTML, CSS, Sass, Bootstrap va JavaScriptning DOMga oid fundamental imkoniyatlarini o’rganish mumkin bo’ladi.
Onlayn kursning boshlang’ich bo’limlari oldindan YouTube kanalimga joylab qo’yiladi. Shu boshlang’ich mavzular asosida saralash vazifasi tayyorlanadi. Saralash vazifasidan qoniqarli darajada o’ta olganlar kursga qabul qilinadi. Saralash vazifasi tarkibiga kirishi mumkin bo’lgan mavzular:
Ko’rinishidan bular juda murakkabga o’xshaydi. Lekin, ishoning, bular uncha murakkab bo’lmagan mavzular.
Men taklif qilayotgan kurs – onlayn kurs, videokurs emas. Onlayn kurs odatdagi offlayn darslarning uydan turib, choy ichib, pechenye yeb o’tsa bo’ladigan ko’rinishi. Kurs davomida o’quvchilarga mentorlar biriktirib qo’yiladi. Har bir mentor ko’pi bilan 6 ta o’quvchiga mas’ul bo’lishi mumkin. Kursda o’quvchilarning jiddiy va o’z vaqtida (haftada 6 kun dars kuni hisoblanadi) shug’ullanishlari talab qilinadi. Darslarga yengil qaragan o’quvchilar kursdan chiqarib yuboriladi.
Kursda asosiy o’rganilishi kerak bo’lgan mavzular uchun oldindan qisqa-lo’nda ko’rinishdagi videodarslar tayyorlab platformaga yuklab qo’yiladi. Videolar uzunligi 1-15 daqiqa orasida bo’lishiga harakat qilaman. Darslar har hafta mavzusiga ko’ra bosqichma-bosqich ochib boriladi, ya’ni birdaniga eng oxirgi mavzularning videolarini ko’rish imkoniyati bo’lmaydi. Tartibli ko’rinishda o’rganiladi. Masalan, birinchi hafta uchun matnga oid elementlar va sodda stillar mavzulari videolari va shularning uy ishlari bo’limlari ochiladi. O’quvchilarda mavzuga oid savol bo’lsa, darsning izohlar qismida savollarni qoldirishlari mumkin. Ba’zi savollarga matnli javobning o’zi yetarli bo’lsa, ba’zilari uchun zaruratga ko’ra qo’shimcha videodars olib platformaga joylanadi.
Har haftada o’tilgan mavzularga oid 1-3 ta vazifalar beriladi. Vazifalar belgilangan vaqtgacha topshirilishi shart. Mentorlar uy ishini 2 martagacha tekshirib berishlari mumkin. Topshirilgan vazifalarga mentorlar baho va feedback berishadi (Dropbox Paper yoki GitHubda issue ko’rinishida). O’quvchilar o’z ishlari baholanayotgan paytda guruhdoshlarining ham ishlarini ko’rib feedback berishlari kerak. O’quvchilar guruhdosh va mentorlar tavsiyalari asosida loyihalarini o’z vaqtida to’g’rilab borishlari kerak bo’ladi. Surunkali tarzda vazifani yubormaslik yoki qo’l uchida qilingan vazifalar tufayli o’quvchi darslardan chetlatiladi.
Har hafta oxirida o’quvchilar bilan Zoomda suhbat uyushtiriladi. Bu suhbatda haftadagi o’tilgan mavzularga oid keng va tor doiradagi savollarni berish va boshqa savollarga javob topish mumkin. Darsdan tashqari erkin suhbat ham qilinishi mumkin. Zoom uchrashuv davomiyligi – maksimum 2 soat.
Qisqa ko’rinishda aytsam: dushanba – hafta uchun mo’ljallangan mavzular videolari ochildi. Videolarni ko’rib chiqaman. Savollarim bo’lsa, video izohlarida javob olaman va berilgan muddatgacha vazifani bajarib tekshiruvga yuboraman. Menga biriktirilgan mentor men bajargan vazifani tekshirib, tavsiyalarini beradilar. Agar loyihada hammasi joyida bo’lsa, marra meniki. Agar xatolar bo’lsa, ularni to’g’rilash ustida ishlayman va uni ham berilgan deadline ichida tugataman. Bulardan tashqari va qaysidir darajada o’ylantirib qo’yayotgan mavzularga oid savollarimni yozib boraman va hafta oxiridagi Zoom uchrashuvda javob olishga harakat qilaman.
Kursda oldindan reja qilingan va rejadan tashqari imtihonlar bo’ladi. Har 2 hafta kichik imtihon o’tkaziladi. Bu imtihonda katta saytning biron bo’limlari yoki shu kabi kichikroq ko’lamdagi vazifalarni bajarish so’raladi. Maqsadlar – o’quvchi o’tilgan mavzularni qay darajada o’zlashtirganini bilish va vazifani bajarish davomida paydo bo’lgan savollarga javob berish.
Katta imtihonlar har 4-5 haftada yoki biron salmoqli mavzular o’tib bo’lingandan keyin o’tkaziladi. Katta imtihonlarda biron saytning bir yoki bir nechta sahifasi tuzib berilishi so’raladi. Shunga yarasha imtihon uchun ham ko’proq vaqt ajratiladi. Katta imtihondagi vazifaning mezonlari imkoni boricha detallari bilan yozib borilishiga harakat qilinadi. O’quvchilar vazifani bajarayotganda shu mezonlarga asoslanib ishlashlari kerak.
Katta yoki kichik imtihondan o’ta olmagan o’quvchilar darslardan chetlashtiriladi.
Katta imtihonlardan so’ng o’tilgan mavzularni bir ovora takrorlab olish maqsadida Zoom uchrashuv tashkillashtirilishi mumkin.
Har hafta darslar oxirida o’quvchilarning fikrlarini bilish uchun anonim so’rovnoma yuboriladi. So’rovnomada kursning sifati haqida fikrlar, shikoyatlar va boshqa takliflar qabul qilinadi. So’rovnomada o’quvchi o’ziga, o’qituvchiga (Muhammadjavohir) va o’ziga biriktirilgan mentorga baho qo’yishi so’raladi.
O’zi o’rnida mentorlar ham o’quvchilar haqidagi fikrlarini hafta davomida shakllantirib borib, hafta oxirida kurs muhiti va holati bo’yicha 1 soatlik Zoom uchrashuvda qatnashishadi.
Kurs oxirida bitiruvchilardan to’liq kurs uchun bo’lgan fikrlari so’raladi. Oldingi so’rovnomalardan farqli ravishda anonim bo’lmaydi.
Kursda darslardagi mashqlar va uy ishlari uchun kichik loyihalar beriladi. Kursni muvaffaqiyatli tugatgan o’quvchilar verstalshik lavozimida ishlay oladigan darajaga chiqa olishlari mumkin. Katta loyihalardan quyidagilarni tuzishlari mumkin (hozirgi rejaga ko’ra holat, o’zgarishi mumkin):
Bular bilan birga o’quvchilar o’zlarining portfoliolarini tayyorlashlari va uning yordamida turli kompaniyalarga ishga kirishga harakat qilishlari mumkin.
Kurs oxiridagi katta imtihondan so’ng o’quvchilarga o’z tuzgan loyihalaridagi barcha kamchiliklarni to’g’rilab, loyihalarni tugal holatga keltirishlari vazifa qilib beriladi. Berilgan vaqt ichida portfoliolarini to’g’rilay olgan o’quvchilarga elektron sertifikat beriladi. To’g’ri, sertifikat ishga kirishda kerak bo’lmaydigan narsa. Lekin esdalik sifatida beriladi.
Kursni muvaffaqiyatli bitirgan o’quvchilar uchun Telegramda alohida guruh ochiladi. U guruhda frontend dasturlash mavzusida boshqa bitiruvchilar bilan fikr almashish mumkin bo’ladi.