Ommaviy oferta

So’ngi yangilanish 08.09.2024

MUDDATLI TOʻLOV ASOSIDA VIDEOKURSLARNI XARID QILISH BOʻYICHA OMMAVIY OFERTA

ASOSIY TUSHUNCHALAR

Aksept -

Xaridor tomonidan muddatli toʻlov boʻyicha toʻlov jadvalida belgilangan dastlabki toʻlovni amalga oshirganligi oferta shartnomasining shartlariga rozi bo‘lib, qabul qilgani va taraflar o‘rtasida shartnoma tuzilganini bildiradi.

Aksept -

Mijozning muddatli to‘lov asosidagi platformada amalga oshiriluvchi xizmatlar oldi-sotdisi shartnomasining individual shartlarini (keyingi o‘rinlarda "Shartnoma" deb yuritiladi), QYOIA orqali lekin u bilan chegaralanmagan holda, imzolash orqali ifodalangan Ofertada nazarda tutilgan shartlar bo‘yicha takliflarni qabul qilish va to‘lashga roziligi.

To‘lov jadvali -

mazkur oferta shartnomasi asosida Xaridorning shaxsiy kabinetida aks ettirilgan oylik toʻlovlarni boʻlib-boʻlib amalga oshirish boʻyicha muddat va toʻlov miqdorlari belgilangan rejali grafik.

Oylik to‘lov -

toʻlov jadvaliga muvofiq muayyan muddat ichida Xaridor tomonidan toʻlanishi shart boʻlgan oylik toʻlov miqdori.

Qarz -

Xaridor tomonidan Sotuvchiga toʻlanishi shart boʻlgan barcha qoldiq pul miqdori.

Bank -

Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank”- xaridorlarning yoki uning vakilining mavjud barcha bank kartalaridan oylik to’lov va qarzdorlikni hisobdan yechish va ushbu yechilgan mablag’larni sotuvchining joriy hisob raqamiga o’tkazish bo’yicha xizmatlarni ko’rsatadi.

Roʻyxatdan oʻtgan telefon raqami -

platformada roʻyxatdan oʻtish jarayonida Xaridor oʻzini identifikatsiyalash uchun koʻrsatgan va Sotuvchi tomonidan tasdiqlangan mobil telefon raqami.

Masofaviy xizmat koʻrsatish kanali -

Xaridor bilan har qanday aloqa qilish shakli, shu jumladan Shaxsiy kabinet, Mobil ilova, Xizmat, Tizim orqali va boshqa platormalarni oʻz ichiga olgan Xaridorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan aloqa vositalari.

Karta -

Xaridor tomonidan identifikatsiya jarayonida koʻrsatilgan, virtual karta boʻlmagan, maʼlumotlaridan identifikatsiyalash jarayonida foydalanish mumkin boʻlgan va kelajakda unga va barcha boshqa Xaridor Kartalariga Xaridor tomonidan qabul qilingan ofertaga va shartnomaga muvofiq “Takroriy toʻlov” xizmati yoqilishi mumkin boʻlgan Xaridorning barcha bank kartalari.

Xaridor -

identifikatsiyadan oʻtish maqsadida Platformaga murojaat qilgan va Platformaning imkoniyatlari, funksiyalari va tashkiliy mexanizmlaridan foydalangan holda kerakli tarzda xizmatlarni muddatli toʻlovga sotib olish istagini bildirgan jismoniy shaxs.

Savdo ofertasi -

Sotuvchi tomonidan Platformaning Elektron aloqa kanallari orqali Mijozga yuboriladigan, Shartnomaning Individual shartlarini o‘z ichiga olgan, Sotuvchining Mijozga Individual shartlar va ushbu Umumiy shartlar bilan Shartnoma tuzish taklifini bildiruvchi hujjat.

Kafil -

Xaridor tomonidan muddatli to‘lovlar bo‘yicha shartnoma majburiyatlari belgilangan muddatlarda bajarilmagan taqdirda, uning o‘rniga Sotuvchiga qarzdorlikni to‘lab berish majburiyatini olgan voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega, va kafillikka rozi bo‘lgan shaxs.

Shaxsiy kabinet -

bu veb-sayt yoki mobil ilova ichidagi cheklangan foydalanuvchi maydoni boʻlib, unda Xaridor masofaviy identifikatsiya jarayonidan oʻtadi, toʻlov qobiliyatini tekshiradi, shartnomalar boʻyicha takliflarni tuzadi va qabul qiladi, amalga oshirilgan shartnomalar haqida maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻladi va Platformada boshqa zarur amallarni bajaradi. Shaxsiy kabinet orqali amalga oshirilgan barcha amallar va yuborilgan hujjatlar, jumladan taklifnomalar, Xaridor tomonidan amalga oshirilgan va yuborilgan deb hisoblanadi. Shaxsiy kabinet xizmatlari Platforma tomonidan taqdim etiladigan xizmatlardir.

Savdo taklifi -

bu Sotuvchi tomonidan Platformaning elektron aloqa vositalari orqali Xaridorga joʻnatiladigan va Shartnomaning alohida shartlarni oʻz ichiga olgan hujjat boʻlib, u Sotuvchining Xaridorga ushbu Shartnoma asosida bitim tuzish boʻyicha taklifini ifodalaydi.

Xaridorning toʻlov qobiliyatini baholash -

bu Platforma va Sotuvchi oʻrtasidagi oldindan kelishilgan shartlar asosida Xaridorga muddatli toʻlov evaziga sotish qarorini belgilaydigan omillar majmuasi.

Sotuvchi –

Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Doʻrmon yoʻli koʻchasida (I.Moʻminov koʻchasi, 4-uy) joylashgan “MOHIRDEV” MCHJ.

Platforma -

bu Platforma, Sotuvchi va Xaridor oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni taʼminlash uchun axborot tizimi orqali xizmatlarni sotishga moʻljallangan tashkiliy, axborot va texnik yechimlardan iborat dasturiy-taʼminot majmuasi.

Dasturiy taʼminot -

bu Xaridorga Platforma xizmatidan, Veb-saytdan, Shaxsiy kabinetdan yoki Mobil ilovadan onlayn foydalanish, elektron shaklda oferta, shartnomalar va qoʻshimcha bitimlar tuzish, shuningdek boshqa hujjatlar va xabarlarni almashish imkonini beruvchi dasturiy vositalar toʻplami.

Push-xabar -

bu Platforma tomonidan Xaridorning mobil qurilmasi ekranida paydo boʻladigan qisqa xabar shaklida Xaridorga yuboriladigan bildirishnoma.

Hisob sanasi -

bu Toʻlov jadvalida koʻrsatilgan va keyingi oylik toʻlovni amalga oshirish zarur boʻlgan sana. Hisob sanasi kuni yakunlanganda, ushbu shartnoma asosida toʻlovning amalga oshirilishi, kechikishning kelib chiqishi, qarzdorlik qoldigʻining oʻzgarishi va boshqa holatlar aniqlanadi.

Hisob-kitob davri -

bu Shartnoma tuzilgan kundan boshlab birinchi Hisob sanasigacha boʻlgan vaqt oraligʻi hamda bir Hisob sanasidan keyingi kundan boshlab keyingi Hisob sanasigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi.

Sayt –

https://mohirdev.uz va https://praktikum.mohirdev.uz manzilida joylashgan Platformaning internet-resurslari.

Sotuvchining sayti -

zarur dasturiy taʼminot oʻrnatilgan yoki koʻrsatilgan Dasturiy taʼminotga kirishingiz mumkin boʻlgan Sotuvchining Savdo nuqtasi boʻlgan internet-resursi, yaʼni https://mohirdev.uz.

SHM ga ishlov berishga rozilik -

Xaridorning shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashga va Xaridor tomonidan dastlabki identifikatsiya qilish va tekshirish jarayonlaridan oʻtish paytida bildirilgan boshqa majburiyatlarni yoki Xaridorning Shaxsiy kabinetida, shuningdek mobil ilova yoki Sotuvchining Saytida koʻrib chiqish uchun mavjud boʻlgan har qanday boshqa Shartnomani qabul qilishga roziligi.

Tovar/Xizmatlar -

Platformada belgilangan va Sotuvchi tomonidan taqdim etilgan Xaridor tomonidan Sotuvchidan sotib olingan ishlar yoki xizmatlar.

Savdo nuqtasi -

Sotuvchi Xizmatni sotishi yoki oʻz xizmatlarini koʻrsatishi mumkin boʻlgan, Tizim yoki Uskuna joylashgan Sotuvchining ofisi, boshqa alohida boʻlinmasi yoki Sotuvchi Sayti.

Elektron aloqa kanali -

Xaridor bilan aloqaning har qanday elektron shakli, shu jumladan har qanday Masofaviy xizmat koʻrsatish kanali orqali, Xaridorning roʻyxatdan oʻtgan telefon raqamiga SMS-xabar yoki push-xabarnoma yoki Xaridorning roʻyxatdan oʻtgan elektron pochta qutisiga elektron pochta orqali oʻrnatilgan aloqa.

1. SHARTNOMA PREDMETI

1.1. Mazkur oferta shartlariga muvofiq Sotuvchi Xaridor tomonidan tanlangan onlayn oʻquv kurslari boʻyicha oʻqitish xizmatlarini koʻrsatish, Xaridor esa ushbu xizmatlarni qabul qilib, toʻlash majburiyatini oladi (bundan keyin – Xizmatlar). Ushbu xizmatlar Xaridorga shaxsiy kabineti orqali elektron oʻquv materiallariga kirish imkoniyatini beruvchi onlayn-kurs, malakali va texnik yordam, uy vazifalarini tekshirish, kursni muvaffaqiyatli tugatgani toʻgʻrisida sertifikat berishni oʻz ichiga oladi.

1.2. Kurslarning tavsifi, uning davomiyligi, formati, shuningdek, taʼlim natijalari mohirdev.uz platformasida batafsil bayon etilgan.

2. UMUMIY QOIDALAR

2.1. Ushbu shartnoma Xaridorlarni (jismoniy shaxslarni) roʻyxatdan oʻtkazish, identifikatsiya qilish va tasdiqlash tartibini, mohirdev.uz platformasida elektron Shartnomalar tuzish tartibini belgilaydi, shuningdek, Xaridor va Platforma oʻrtasidagi shu orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.

2.2. O'zbekiston Respublikasida elektron tijorat, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish va shaxsga doir ma'lumotlardan foydalanish kabi sohalardagi munosabatlar O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, "Elektron tijorat to'g'risida"gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan "Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari", "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi Qonun, "Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida"gi Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

3. MOHIRDEV.UZ PLATFORMASIDA ROʻYXATDAN OʻTISH TARTIBI

3.1. mohirdev.uz platformasida harakatlarni amalga oshirish va Xizmat(lar)ni muddatli toʻlovga sotib olish uchun Xaridor dastlab mohirdev.uz veb-sayti yoki uning mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtishi kerak.

3.2. Roʻyxatdan oʻtish uchun Xaridor plastik bank kartasi (UzCARD, HUMO, Visa va Mastercard) ulangan mobil telefon raqamini (yaʼni UzCARD SMS-xabarnoma xizmati bogʻlangan telefon raqami) kiritishi va tegishli maydonda telefon raqamini tasdiqlash uchun SMS orqali olingan noyob kodni kiritishi shart. Xaridorning “SMS-xabarnoma” ulangan telefon raqamidan yechib olinadigan bitta kiruvchi SMS-xabarning narxi uyali aloqa operatori tomonidan belgilangan tarifga muvofiq yechib olinadi.

3.3. Kodni kiritib tasdiqlovni olgach Xaridor mazkur oferta shartnomasining shartlari, shaxsga doir va boshqa maʼlumotlarga ishlov berish va saqlash boʻyicha platforma siyosati bilan tanishganligi va ularga rozilik berganini tasdiqlaydi.

3.4. Roʻyxatga olishning keyingi bosqichida Xaridor mohirdev.uz internet platformasidan foydalanish bilan bogʻliq va muddatli toʻlov asosida videokurslarni sotib olish boʻyicha shartnoma shartlariga rozi boʻlganligini tasdiqlaydi.

3.5. Platformada roʻyxatdan oʻtishni davom ettirish uchun Xaridor uning toʻlov qobiliyatini baholash uchun plastik bank kartasining raqami va amal qilish muddatini kiritishi kerak. Shundan keyin, Xaridor mazkur shartnomaning 3.3.-bandiga muvofiq kiritgan telefon raqamiga noyob kodli SMS-xabar yuboriladi, uni kiritish orqali Xaridor mohirdev.uz platformasida sotib olgan tovar va xizmatlar uchun barcha toʻlovlar, shu jumladan muddatli toʻlovlar ham mazkur bank kartalari orqali amalga oshirilishiga rozilik bildiradi.

3.6. Roʻyxatdan oʻtishning keyingi bosqichida Xaridor o‘zining va kafilning quyida belgilangan ma’lumotlarini mohirdev.uz platformasiga avtomatlashtirilgan tarzda kiritishi shart. Buning uchun Xaridor va kafilining pasporti yoki ID-kartasi asosida ma’lumotlarni kiritish talab qilinadi:

a) ismi va familiyasini toʻliq shaklda;
b) pasport seriyasi, raqami va uning amal qilish muddati;
c) JSHSHIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasion raqami)
d) Pasportning (ID-karta) toʻliq ochilgan fotosurati;

3.7. Ushbu Umumiy qoidalarning 3.3, 3.4, 3.5 va 3.7-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻliq kiritilgandan soʻng, mohirdev.uz platformasi toʻlov qobiliyatini baholash tartib-taomilini amalga oshiradi va Xaridorga kiritilgan maʼlumotlar tasdiqlashdan muvaffaqiyatli oʻtganligi toʻgʻrisida yoki tasdiqlash rad etilganligi toʻgʻrisida elektron xabar yuboradi.

3.8. Tasdiqlash rad etilganligi toʻgʻrisida elektron xabar olingan taqdirda mohirdev.uz platformasi tomonidan qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etishni hisobga olgan holda, Xaridor 3.3, 3.4, 3.5 va 3.7-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarni kiritishni takrorlashi mumkin.

3.9. Tasdiqlashdan muvaffaqiyatli oʻtganlik toʻgʻrisida elektron xabar kelgach Xaridor mohirdev.uz platformasidagi shaxsiy kabinetiga kirish huquqiga ega boʻladi. Shu paytdan boshlab, Xaridorni mohirdev.uz platformasida roʻyxatdan oʻtkazish, identifikatsiya qilish va tekshirish jarayoni tugallangan hisoblanadi va quyidagi shartlar asosida muddatli toʻlov evaziga tovarni sotib olishga haqli boʻladi.

4. TARAFLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

4.1. Sotuvchining huquqlari

4.1.1. Sotuvchi, taqdim etilgan hujjatlarning elektron (skanerlangan) nusxalarining haqiqiyligi yoki ishonchliligiga shubha tugʻilganda Xaridorni roʻyxatdan oʻtkazishni yoki xizmat koʻrsatishni rad etish huquqiga ega. Bunday holatda, Xaridor mohirdev.uz platformasiga hujjatlarning tegishli elektron (skanerlangan) nusxalarini qayta joylaganidan keyin Sotuvchi tomonidan hujjatlar koʻrib chiqiladi.

4.1.2. Xaridor bilan kelishuvsiz kurs mazmuniga (to'liq yoki qisman) o'zgartirishlar kiritish

4.1.3. Saytda texnik resurslar bo'yicha zarur rejali texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash ishlarini bajarish uchun kurs va saytning ishlashini vaqtincha to'xtatib turish.

4.1.4. Shartnoma bo'yicha o’z majburiyatlarni bajarmagan kurs murabbiy (mentor)larni almashtirish.

4.1.5. Mazkur shartnomada belgilangan holatlarda shartnomani bir tomonlamani bekor qilish.

4.1.6. Xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Xaridor bilan bo’lgan telefon suhbatlarni yozib olish.

4.1.7. Mazkur shartnomada belgilangan shartlar topilmagan taqdirda Xaridorga sertifikat berishdan bosh tortish.

4.1.8. Xaridor tomonidan muddatli to‘lovlar o’z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida undan kafil talab qilish.

4.2. Sotuvchining majburiyatlari

4.2.1. Xaridor belgilangan talablarni bajargan taqdirda uni platformada roʻyxatdan oʻtkazish.

4.2.2. Xaridor tomonidan dastlabki toʻlov amalga oshirilgan kundan boshlab tovar va xizmatlarga kirish imkoniyatini 24 soat ichida taqdim etish. Texnik uzilishlar yoki kirishni oʻz vaqtida taʼminlashga to‘sqinlik qiluvchi boshqa kutilmagan holatlar yuz bergan taqdirda, Sotuvchi zudlik bilan Xaridorni yuzaga kelgan vaziyat haqida xabardor qiladi va uni imkon qadar tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni koʻradi.

4.2.3. Xaridor tomonidan bajarilgan uy vazifalarini tekshirish va ularning natijalarini 7 ish kuni ichida Xaridorga taqdim etish. Uyga vazifalar soni koʻp yoki uning murakkabligi tufayli tekshiruv uchun qoʻshimcha vaqt talab etilsa, Sotuvchi Xaridorni bu haqida oldindan ogohlantiradi.

4.2.4. Toshkent shahri mahalliy vaqti bilan soat 9:00 dan 18:00 gacha boʻlgan vaqtda Xaridorlarga malakali yordam koʻrsatish, savollarga bir soat ichida javob berish. Savollar soni koʻp va yuklama yuqori boʻlgan taqdirda javoblar kechikishi mumkin.

4.2.5. Kursga, uning materiallariga kirish va oʻquv platformasining ishlashi boʻyicha texnik yordamni Xaridor murojaat qilgan paytdan boshlab doimiy, yaʼni haftaning 7 kuni davomida 24 soat ichida taʼminlash. Murakkab texnik muammolar yuzaga kelganda, ularni bartaraf etish uchun koʻp vaqt talab etilsa, Sotuvchi Xaridorni amalga oshirilayotgan choralar va muammoni hal qilish muddatlari toʻgʻrisida xabardor qiladi.

4.2.6. To‘lovi to‘liq amalga oshirilgan videodarslarga va kursning boshqa video materiallaridan foydalanishni 2 yil davomida taʼminlash.

4.2.7. Agar quyidagi mezonlar bajarilgan boʻlsa, kursni muvaffaqiyatli tugatgani haqida Xaridorga sertifikat berish:

a) Kurs dasturini toʻliq oʻtish: Xaridor kurs dasturini, uning barcha modullari, boʻlimlari va darslarini toʻliq oʻtishi kerak. Bu kurs doirasida taqdim etilgan barcha nazariy materiallarni oʻrganish, video leksiyalarni tomosha qilish, qoʻshimcha resurslarni oʻqish va boshqa oʻquv materiallarini oʻz ichiga oladi.
b) Barcha uy vazifalari va testlarni bajarish: Xaridor har bir modul yoki kurs boʻyicha barcha uy vazifalarini, jumladan loyiha ishlari, testlar yoki imtihonlarni belgilangan talablarga muvofiq muvaffaqiyatli (o’zlashtirish darajasi 80 foiz va undan yuqori) bajarishi kerak.
c) Kurs narxini toʻliq toʻlash: Sertifikat olish uchun Xaridor kurs narxini toʻliq toʻlagan boʻlishi shart. Xaridorning Sotuvchi oldida hech qanday qarzdorligi boʻlmasligi majburiy shart hisoblanadi.
Agar Xaridor yuqorida sanab oʻtilgan shartlardan biriga javob bermasa, Sotuvchi kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar sertifikat berishdan bosh tortish huquqiga ega.

4.2.8. Xaridorning shaxsga doir maʼlumotlaridan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida ruxsat etilgan tartibda foydalanish, ishlov berish hamda uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik, ularning maxfiyligini taʼminlash. Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari doirasida, maʼlum bir holatlarda yoki muddatli toʻlovga oid majburiyatlarni bajarish maqsadida bu maʼlumotlarni tegishli tashkilotlarga yoki Sotuvchining huquqlarini himoya qilish maqsadida uchinchi shaxslarga taqdim etishga ruxsat etiladi. Shuningdek, agar maʼlumotlar umumiy foydalanish uchun ochiq boʻlsa yoki Xaridor rozilik bildirgan holatlar bundan istisno hisoblanadi.

4.3. Xaridorning majburiyatlari:

4.3.1. Ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq, oʻz vaqtida toʻlovni amalga oshirish. Agar toʻlovlar 5 ish kunidan ortiq kechiktirilsa, Sotuvchi toʻlov toʻliq amalga oshirilguniga qadar Xizmatlarni taqdim etishni toʻxtatish huquqiga ega. Bunda, Xaridor tomonidan to’lovi amalga oshirilgan videodarslardan foydalanish imkoniyati saqlanib qoladi

4.3.2. Kompyuter, smartfon va boshqa elektron qurilmalarda toʻlov vositalari va maʼlumotlar bazasining ishonchliligi va xavfsizligini taʼminlash.

4.3.3. Sotuvchining taklifini va toʻlov shartlarini qabul qilishdan oldin, shartnoma shartlarini (narx, tanlangan oʻquv kursi turi, toʻlov usuli, javobgarlik va hokazo) diqqat bilan tanishib chiqish.

4.3.4. Xizmatlarni faqat shaxsiy maqsadlar uchun sotib olish va tadbirkorlik yoki daromad topish maqsadida foydalanmaslik. Xususan, darslik majmualarini yoki ularning qismlarini Sotuvchining yozma ruxsatisiz boshqa shaxslar yoki tashkilotlarga nashr etish, tarqatish, ommalashtirish yoki boshqa tarzda foydalanishdan saqlanish.

4.3.5. Shaxsiy hisob raqamining identifikatsiya maʼlumotlarini uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik va ularni himoyalash.

4.3.6. mohirdev.uz sayti va shaxsiy kabinetda eʼlon qilingan xabarlar va bildirishnomalarni muntazam kuzatib borish.

4.3.7. Sotuvchi va uning xodimlari bilan muloqot jarayonida umum-eʼtirof etilgan odob-axloq qoidalariga rioya qilish.

4.3.8. Sotuvchi bilan aloqaga kirishganda, Xaridor mohirdev.uz platformasiga quyidagilarga rozilik beradi:

a) Muddatli toʻlov va uning holati, qarzdorlikni undirish choralari haqida SMS xabarlar yuborish uchun Xaridor tomonidan koʻrsatilgan qoʻshimcha telefon raqamlariga murojaat qilish;
b) Xaridorga muddatli toʻlov asosida xizmatlarni taqdim etishni tasdiqlash maqsadida uning toʻlov qobiliyati yoki daromadlari haqida maʼlumot olish uchun Kafilga qoʻngʻiroq qilish.

4.3.9. Oʻzbekiston Respublikasining "Kredit maʼlumotlarini almashinuvi toʻgʻrisida"gi va "Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida"gi Qonunlarga muvofiq, shartnoma tuzish va amalga oshirish uchun shaxsiy maʼlumotlarni ishlov berishga toʻliq rozilik berish.

4.3.10. Roʻyxatga olish bosqichida kiritgan shaxsiy maʼlumotlaridagi oʻzgarishlar haqida platformani darhol xabardor qilish, xususan:

a) Xizmat koʻrsatuvchi bank yoki bank kartasi oʻzgarganda;
b) Asosiy mobil telefon raqami oʻzgarganda;
c) Doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan manzili oʻzgarganda.

4.3.11. Xaridor mohirdev.uz saytidan olgan xizmatlar va ularning natijalarini, shu jumladan online kurslar va darsliklarni, shaxsiy akkauntdan foydalanish huquqini tijorat maqsadida ishlatmaslik hamda uchinchi shaxslarga tarqatmaslik yoki sotmaslik.

4.3.12. mohirdev.uz platformasidan uchinchi shaxslarning huquqlarini buzadigan yoki noqonuniy maqsadlarda foydalanmaslik.

4.3.13. Xaridor olingan bilimlardan qonunga xilof, notoʻgʻri yoki etikasiz harakatlarni, shu jumladan xakerlik, maʼlumotlarga noqonuniy kirish, zararli dasturiy taʼminot yaratish va tarqatish, intellektual mulk huquqlarini buzish kabi amallarni sodir etish uchun foydalanmaslik. Bundan tashqari, xaridor bu kabi harakatlarni boshqa mijozlar bilan yoki Sotuvchining xodimlari bilan birgalikda sodir qilsa ham, javobgar bo'ladi.

4.3.14. Muddatli to‘lovlar o’z vaqtida amalga oshirilishni ta’minlash maqsadida platformaga kafil haqida to’liq va to’g’ri ma’lumotlarni kiritish.

4.3.15. Platformaga roʻyxatdan oʻtkazishda kiritilgan shaxsiy va plastik raqamining maʼlumotlari toʻgʻriligini kafotlatlash.

5. TOʻLOV TARTIBI VA TOVAR NARXI

5.1. Xaridor kelishilgan muddatlarda toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlaydi. Toʻlov miqdori muddati Xaridorning shaxsiy kabinetida ko’rinadi va bu mazkur shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi. Xaridor tomonidan boshlangʻich toʻlov amalga oshirilishi aksept sifatida tan olinadi va shu bilan shartnoma shartlari ikki tomonlama kuchga kiradi.

5.2. Tovar va xizmatlarning narxi mohirdev.uz platformasida belgilanadi. Tovar (xizmat)ning narxi mazkur shartnomaning amal qilish muddati davomida oʻzgarishsiz qoladi.

5.3. Muddatli toʻlov asosida xizmatlar sotib olayotganda, Xaridor tomonidan tanlangan toʻlov jadvaliga muvofiq, har oyda teng qismlarda toʻlovlar amalga oshiriladi. Sotuvchi, Xaridorga belgilangan toʻlov muddatidan 1-3 kun oldin toʻlovni amalga oshirishni eslatish huquqiga ega. Bu eslatma Xaridorning shaxsiy kabinetida yoki boshqa usullar orqali amalga oshiriladi, lekin Sotuvchi bunday eslatma xabarnomani yuborishga majbur emas.

5.4. Sotuvchining platformasidagi tovar va xizmatlar narxi Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi – soʻmda, barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hisobga olingan holda koʻrsatilgan. Mazkur shartnoma asosida taqdim etilayotgan xizmatlar uchun toʻlov Xaridor tomonidan turli toʻlov tizimlari (masalan, UZCARD, HUMO) orqali amalga oshirilishi mumkin.

5.5. Xaridor, bank kartasini mohirdev.uz axborot tizimiga QYOIA (Qisqa Yoʻl orqali Identifikatsiya va Avtorizatsiya) orqali ulaganda, oʻzining UZCARD/HUMO bank kartasi va Oʻzbekiston Respublikasidagi boshqa har qanday banklardagi toʻlov kartalaridan, xizmat uchun toʻlovlar toʻliq amalga oshirilgunga qadar toʻlov jadvaliga muvofiq pul mablagʻlarini xizmat ko‘rsatuvchi “Aloqabank” orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yechib olishga (takroriy toʻlovlarga) rozilik bildiradi.

5.6. Takroriy toʻlovlar, xizmat uchun toʻlov toʻliq amalga oshirilgunga qadar, belgilangan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi. Agar Xaridorning barcha bank kartalarida yetarli mablagʻ boʻlmasa va to’lovlarni to’lash 15 kalendar kunidan kechiksa, Sotuvchi qarzodrlikni sud orqali undiradi. Bunda barcha sud xarajatlari Xaridor tomonidan qoplanadi.

5.7. Xaridor umumiy summaning teng qismlarini belgilangan muddatlarda toʻlashi shart. Toʻlovlarning jadvalga muvofiq 5 ish kunidan ortiq kechikishi, xizmatlarni taqdim etishni qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar toʻxtatilishiga olib kelishi mumkin. Biroq, Xaridor toʻlangan videokursning allaqachon toʻlangan qismiga kirish huquqini saqlab qoladi. Bu degani, Xaridor toʻlangan kurs qismidan foydalanishni davom ettirishi mumkin. Xizmatlarning toʻliq hajmiga kirish imkoniyati Sotuvchi Xaridorning qarzdorlikni toʻliq toʻlagani haqida tasdiqnoma olganidan keyin darhol tiklanadi.

5.8. Toʻlovlarning 15 kalendar kunidan ortiq kechikishi yoki toʻlov muddatlari (ikki martadan ortiq) buzilgan taqdirda, Sotuvchi qolgan summani toʻliq toʻlashni talab qilishga haqli. Bunda, shu paytgacha amalga oshirilgan to‘lovlar qaytarib berilmaydi.

6. XIZMATLARDAN VOZ KECHISH

6.1. Agar Xaridorda kurs boʻyicha taqdim etilgan xizmatlarga nisbatan eʼtirozi boʻlsa, u kirish huquqi taqdim etilgandan keyin bu haqida 5 (besh) kalendar kun ichida Sotuvchiga xabar berishi kerak. Agar bu 5 kun ichida Xaridor darslarning 10 (oʻn) foizidan kamroqni koʻrib chiqqan va shartnoma tuzilganiga 5 kundan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, Xaridorning talabiga koʻra, boshlangʻich toʻlov qaytariladi. Biroq, koʻrilgan va oʻzlashtirilgan darslar 11 (oʻn bir) foiz yoki undan koʻproq boʻlsa, boshlangʻich toʻlov Xaridorga qaytarilmaydi va xizmatlar toʻliq koʻrsatilgan deb hisoblanadi. Yuqoridagi 5 kunlik muddat oʻtganidan keyin eʼtirozlar qabul qilinmaydi.

6.2. Shartnoma tuzilgan paytdan boshlab, 5 kunlik muddat ichida yoki Xaridor kursning 15 (o’n besh) foizi yoki undan kamrogʻini oʻzlashtirgan boʻlsa, Xaridorning istagiga koʻra, u mohirdev.uz veb-saytida mavjud boʻlgan boshqa kursga almashtirilishi mumkin. Bunda yangi kursning narxi oldingi kurs narxiga teng yoki undan past boʻlishi kerak. Agar almashtirmoqchi boʻlgan kurs narxi qimmatroq boʻlsa, Xaridor ikki kurs oʻrtasidagi farqni toʻlaydi. Agar tanlagan kurs narxi Xaridor almashtirmoqchi boʻlgan kurs narxidan past boʻlsa, Sotuvchi kurslar narxi oʻrtasidagi farqni Xaridorga qaytarmaydi

6.3. Pul mablagʻlarini qaytarish jarayonini boshlash uchun, Xaridor shartnomani bekor qilish sabablari va kurs uchun amalga oshirgan toʻlov hujjatlari koʻrsatilgan yozma shaklda support.bot orqali Sotuv bo‘limiga murojaat qilishi shart. Sotuvchi arizani olgandan keyin 14 ish kuni ichida uni koʻrib chiqadi va pul mablagʻlarini qaytarish boʻyicha qaror qabul qilib, bu haqida Xaridorga xabar beradi. Ijobiy qaror qabul qilingan kundan boshlab, pul mablagʻlari Xaridorning bank hisob raqamiga 30 kalendar kuni ichida qaytariladi.

7. FORS-MAJOR HOLATLARI

7.1. Agar shartnoma buyicha majburiyatlarni bajarmaslik yengib boʻlmas kuch oqibatida (fors-major), shartnoma tuzilgandan soʻng yuzaga kelgan favqulodda hodisalar natijasida (urush, suv toshqini, yer qimirlashi, epidemiya, hukumat karorlari va h.o.) vujudga kelgan boʻlsa, Taraflar shartnoma boʻyicha majburiyatlari qisman yoki toʻliq bajarilmagani uchun javobgarlikdan ozod etiladilar.

7.2. Fors-major holatlari yuzaga kelgan vaqtda “Taraflar” ushbu holatlar bartaraf etilguniga qadar shartnoma boʻyicha oʻzaro majburiyatlarini bajarishdan ozod boʻladilar.

7.3. Yuzaga kelgan fors-major holatlari haqida hamda ushbu holatlar yakunlanganligi haqida har bir Taraf ushbu holatlar yuzaga kelgan yoki bartaraf etilgan vaqtdan boshlab, 3 (uch) ish kuni ichida bu haqda ikkinchi tarafni yozma ravishda xabardor qilishi lozim.

7.4. Fors-major holatlari 30 kun mobaynida bartaraf etilmagan taqdirda taraflar ushbu shartnomani muddatidan oldin bekor qilishga haqli boʻladilar. Yuzaga kelgan fors-major holatlari bartaraf boʻlganidan keyin mazkur shartnoma shartlari toʻliq oʻz kuchiga ega boʻladi.

8. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI

8.1. mohirdev.uz saytida nashr etilgan barcha matn, grafik va video materiallar mualliflik huquqlari bilan himoyalangan boʻlib, ularni noqonuniy ishlatish Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga zid ravishda javobgarlikka sabab boʻladi.

8.2. mohirdev.uz platformasi va uning veb-saytining funksionalligini taʼminlovchi dasturiy va apparat komplekslaridagi nosozliklar, xatolar yoki uzilishlar, shuningdek, Xaridorning Platformaga aloqasi boʻlmagan sabablar tufayli dasturiy yoki apparat vositalaridan vaqtincha foydalana olmasligi yoki shunga bogʻliq boʻlgan zararlari uchun Platforma yoki Sotuvchi javobgar emas.

8.3. Quyidagi holatlarda kelib chiqqan zararlar uchun Sotuvchi javobgar emas:

a) Xaridorning mohirdev.uz platformasiga kirishda ishlatadigan qurilmalarida yoki dasturiy taʼminotida mavjud boʻlgan viruslar yoki boshqa zararli dasturlar;
b) mohirdev.uz platformasidan foydalanishda notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish;
c) Xaridor tomonidan Shartnoma shartlarning buzilishi;
d) Xaridor tomonidan toʻlov tartib-qoidalarini buzishi.

8.4. Sotuvchi quyidagi holatlarda Xaridorning shaxsiy kabinetiga kirishni cheklash huquqini oʻzida saqlab qoladi:

a) Xaridor tomonidan boshqa xaridorlarlar yoki uchinchi shaxslarning huquqlarini yoki qonuniy manfaatlarini buzilganligi haqida daʼvolar kelib tushganda;
b) Xaridor mohirdev.uz platformasining dasturiy taʼminotiga ruxsatsiz oʻzgartirishlar kiritilganligi aniqlanganda;
c) Xaridor tomonidan Shartnoma shartlari buzilganda.

8.5. Xaridor muddatli toʻlovni belgilangan toʻlov jadvaliga muvofiq oʻz vaqtida amalga oshirmagan yoki kechiktirgan taqdirda, Sotuvchi quyidagi choralarni koʻrish huquqiga ega:

a) Qarzdorlikni undirish yoki uni undirish huquqini uchinchi shaxslarga topshirish yoki sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish;
b) Qarzdorlikni undirishni kafildan talab qilish;
c) Xizmatlarning toʻliq summasini muddatidan oldin toʻlashni talab qilish;
d) Qarzdorlik summasining toʻliq miqdorini muddatidan oldin undirish maqsadida sudga murojaat qilish. Bunda, sud xarajatlari ham Xaridordan undiriladi.
e) Hali to‘lov amalga oshirilmagan videokurslardan foydalanishni cheklash.

8.6. Sotuvchi 7.6-bandda keltirilgan choralardan birini yoki bir nechtasini bir vaqtning oʻzida qoʻllashi mumkin, bu holatda qarzdorlikni undirish va xizmatni qaytarib olish bilan bogʻliq barcha xarajatlar va zararlar Xaridor tomonidan toʻliq qoplanadi.

8.7. Agar Xaridor oylik toʻlovni 15 kun davomida kechiktirsa, Sotuvchi keyingi kuni taqdim etilgan hujjatlarga (toʻlov jadvali va h.k.) muvofiq qolgan qarzdorlik miqdorini toʻliq undirishga haqli. Agar Xaridorda zarur mablagʻlar mavjud boʻlmasa, Sotuvchi 2 ish kuni ichida hujjatlarni undirish uchun kerakli boʻlimlarga oʻtkazadi. Bu jarayonda, Sotuvchi belgilangan Nizomga muvofiq, amalga oshirilgan xarajatlarni Xaridordan undirish huquqini saqlab qoladi

8.9. Sotuvchi Xaridor tomonidan quyidagi holatlar yuz berganda ushbu shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi va toʻlovni qaytarmaydi:

a) Kurs materiallarini koʻchirish, tarqatish, qayta sotish yoki kurs kontentiga noqonuniy kirishga urinishlar;
b) Kursning majburiy vazifalarini muntazam ravishda (2-martadan ortiq) bajarmaslik;
c) Jamoatchilik oldida Sotuvchining brendi yoki obroʻsini toʻkish, shubha ostiga qoʻyish, yolgʻon maʼlumotlar tarqatish va h.k. orqali diskreditatsiya qilish;
d) Muddatli toʻlovlarini 15 kalendar kundan ortiq kechiktirish yoki toʻlov muddatlarini (ikki martadan ortiq) buzish. Bunda, Xaridorda to‘lagan videokurslardan foydalanish huquqi saqlanib qoladi (faqat shu bandga tegishli).
e) kurs muhokamasi bo’ladigan guruhlarda (sayt, telegram, instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda) muloqot qilish jarayonida odob-axloq qoidalariga rioya qilmaslik (so’kinish; uyatsiz rasmlar yuborish, guruh a’zolarini shaxsiyatiga tegish, ularni obro’sizlantirish va hokazo).

8.10. Sotuvchi alohida toifadagi ehtiyojmand shaxslar tomonidan yuqoridagi shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda vandalizm yoki Sotuvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri zarar yetkazilmagan boʻlsa, shartnomani bekor qilmasligi mumkin.

8.11. Xaridor mohirdev.uz saytidan olgan xizmatlar va ularning natijalarini, shu jumladan online kurslar va darsliklarni, shaxsiy akkauntdan foydalanish huquqlarini tijorat maqsadida ishlatsa, uchinchi shaxslarga tarqatsa, yoki sotsa 100 million so’m jarima to‘laydi. Ushbu jarima miqdoridan Sotuvchiga yetkazilgan haqiqiy moddiy zarar qoplanib, ortib qolgan summa Xaridorga qaytariladi.

8.12. Xaridor Sotuvchi tomonidan taqdim etilgan oʻquv kurslari orqali olingan barcha bilimlar faqat qonuniy va etik maqsadlar uchun moʻljallanganini tan oladi. Xaridor olingan bilimlardan qonunga xilof, notoʻgʻri yoki etikasiz harakatlarni, shu jumladan xakerlik, maʼlumotlarga noqonuniy kirish, zararli dasturiy taʼminot yaratish va tarqatish, intellektual mulk huquqlarini buzish kabi amallarni sodir etganlik uchun javobgar bo‘ladi. Bunda, agar Xaridor Sotuvchidan olingan bilimlardan qonunga xilof tarzda foydalanib, notoʻgʻri yoki etika qoidalariga zid xatti-harakatlarni sodir etsa, Xaridor bunday harakatlar uchun toʻliq shaxsan javobgar boʻladi va Sotuvchiga ushbu harakatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplab berishi shart.

9. NIZOLARNI HAL QILISH TARTIBI

9.1. Mazkur shartnoma boʻyicha vujudga kelishi mumkin boʻlgan barcha nizo va kelishmovchiliklar taraflar tomonidan oʻzaro muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.

9.2. Agar nizolarni muzokaralar yoʻli bilan hal etish imkonsiz boʻlsa yoki taraflar biror shartnomaga erisha olmasalar taraflar nizoni hal qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq Fuqarolik ishlari buyicha Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanlararo fuqarolik sudida hal qilinadi.

10. SHAXGA DOIR MAʼLUMOTLARDAN FOYDALANISH TARTIBI

10.1. Sotuvchi xaridor tomonidan taqdim etilgan shaxsiy maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va darajada himoyada bo‘lishi va sir saqlanishi uchun javobgardir.

10.2. Shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligi deganda shaxsga doir ma’lumotlardan noqonuniy ravishda va/yoki ruxsatsiz foydalanishdan, shaxsga doir ma’lumotlarni yo’q qilishdan, o’zgartirishdan, blokirovka qilishdan, nusxalashdan, taqdim etishdan, tarqatishdan, shuningdek shaxsga doir ma’lumotlarga nisbatan boshqa noqonuniy harakatlardan himoyalangan muhitni ta’minlash nazarda tutiladi.

10.3. Sotuvchi onlayn ta’lim tizimi platformasi bitiruvchilarini ishga joylashtirish yoki stajirovkaga yuborish maqsadida ularga tegishli bo’lgan quyidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga yuborish huquqiga ega.

- ismi, familiyasi, otasining ismi;
- jinsi;
- tug’ilgan sanasi;
- yashash joyi;
- aloqa telefon raqami/pochta raqami;
- bilim va tajribasi to’g’risidagi ma’lumotlar;
- tavsiyanoma xarakteridagi boshqa ma’lumotlar.

10.4. Xaridor yuqoridagi ma’lumotlarni sotuvchiga foydalanish va tarqatish huquqini beradi. Xaridorga yuqoridagi ma’lumotlarini ishga joylashtirish yoki stajirovkaga yuborish maqsadida boshqa uchinchi shaxslarga yuborganlik uchun javobgarlik qo’llanilmaydi.

10.5. Platformaga pochta manzili yoki Internet orqali kontaktdan foydalanish bilan tegishli yozma soʻrov yuborish orqali, shuningdek, Xaridorning shaxsiy kabinetidan soʻrov yuborish orqali, Xaridor Platformadan oʻzining shaxsiy maʼlumotlari, ularga ishlov berish va foydalanish toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot soʻrashga, shuningdek, notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan shaxsiy maʼlumotlarni chiqarib tashlash yoki tuzatish/qoʻshishni talab qilishga haqli.

10.6. Xaridorning shaxsiy maʼlumotlariga ishlov berishga roziligi muddatsizdir va ushbu rozilik Xaridor tomonidan Platformaga pochta manzili boʻyicha yozma ariza yuborish yoki mohirdev.uz veb-saytida Xaridorning shaxsiy kabinetidan soʻrov yuborish orqali bekor qilinishi mumkin.

11. YAKUNIY QOIDALAR

11.1. Ushbu oferta shartnomasi eʼlon qilingan sanadan boshlab, ikkinchi taraf uchun aktsept qilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va Tomonlar oʻz majburiyatlarini toʻliq bajargunlariga qadar amal qiladi.

11.2. Ushbu shartnomaga qilinadigan barcha ilovalar, qoʻshimchalar va oʻzgarishlar ushbu shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.

“MOHIRDEV” MCHJ Direktori: A.Narzullayev