fbpx

Select Your Favourite
Category And Start Learning.

Qaysi dasturlash tilidan boshlashim kerak?

Har bir dasturlashni o’rganishni boshlayotgan inson ushbu savolga javob qidiradi. Ular notog’ri tanlov qilib qo’yishdan havotir olishadi. Bu maqolada men sizga shu qarorni qabul qilishda bir nechta amaliy mulohazalar orqali ko’maklashishga harakat qilib ko’raman.

01da384552a88af90156d

Ingliz Tili

Ingliz tilisiz iloji yo’q. Juda ham qiyin bo’ladi.

Dasturlash Tilini Esa Farqi Yo’q

Yanada tushinarliroq bo’lishi uchun yana bir bor qaytaraman: qaysi tilni birinchi bo’lib o’rganishingiz siz o’ylaganchalik muhim emas. Hozir nimagaligini tushintirishga harakat qilib ko’raman.

Buning eng asosiy sababi hozirgi mashxur dasturlash tillarining ko’pchiligi bir biriga juda o’xshash. Ha, ularning sintaksisi boshqacha va ularda butunlay farqli hususiyatlar bo’lishi mumkin. Lekin ularning asosi bir.

Masalan, tillarning deyarli hammasida «loop»lar, «if statement»lar, funksiya va metodlar kabi konstruktsiyalar bor. Shunaqangi tillar borki, siz bittasini o’rgansangiz, ikkinchisining sintaksisini deyarli bilgan hisoblanasiz. Java va C# shunday tillarga misol bo’la oladi.

Shundan hulosa qilib aytishimiz mumkinki, bitta dasturlash tilini o’rganganingizdan keyin, ikkinchisini o’rganish ancha osonroq bo’ladi. Ikkinchi yoki undan ko’proq tillarni o’rganganingizda ulardan keyingi tillar sezilarli darajada osonroq bo’ladi.

Bu siz bitta tilni o’rganganingizdan keyin u sizga yoqmay qolsa yoki ish joyingizda boshqa tilni ishlatishga majbur bo’lsangiz sizga katta qiyinchilik tug’dirmaydi. Siz ishning eng qiyin qismini qilib bo’ldingiz. Dasturlashning asosini yaxshi o’rganib bo’lgansiz. Yangi tilga o’tish birinchisidek qiyinchilik tug’dirmaydi.

Ishonmaysizmi? Isbotlashga harakat qilib ko’raman.

Quyidagi rasmda Google kompaniyasidagi vakansiyani tafsilotlarini ko’rishingiz mumkin:

google
Qaysi dasturlash tilidan boshlashim kerak? 5

Bunisi esa Microsoft kompaniyasidagi vakansiya:

microsoft
Qaysi dasturlash tilidan boshlashim kerak? 6

E’tibor berdingizmi? Bu kompaniyalar yaxshi dasturchi bitta til bilan cheklanib qolmasligini va kerak bo’lsa yangi tillarni o’rganib ketishlarini bilishadi. Hattoki intervyu paytida siz odatda hohlagan tilingizni tanlab o’tishingiz mumkin.

Albatta istisnolar bor, ayniqsa O’zbekistondagi kompaniyalarda. Lekin ko’pchilik yaxshi IT kompaniyalarda holat tepada tasvirlanganidek.

Birinchi Tilni Tanlash

Ho’p unchalik ham katta farqi yo’qligini tushindik. Lekin baribir ham qayerdandir boshlashingiz kerak. Sizning o’rningizda bo’ganimda quyidagilarga e’tibor bergan bo’lardim.

Tilga Bo’lgan Talab

Agar siz shu tilni o’rgansangiz, ish topa olasizmi?

Deyarli barcha dasturlash tillari uchun hozirgi kunda ish talaygina. Lekin bu sizning birinchi tilingiz bo’lgani uchun men eng mashxurlaridan tanlagan bo’lar edim. Menimcha bular quyidagilar:

  • Python
  • Java
  • JavaScript
  • Golang
  • Swift
  • Kotlin
  • C#

Bu tillarni biladiganlar uchun dasturchilardan ko’ra ish ko’proq. Shunchalik talab kuchli.

Tilning kelajagi

Bu til kelajakda ham ishlatilishda davom etiladimi?

Masalan, Objective-Cni o’rganish yaxshi fikrdek tuyilmaydi menga. Chunki iOS va Mac uchun hozir asosan Swift dasturlash tilida yoziladi. Appleni o’zi ham Swift dasturlash tiliga katta e’tibor qaratmoqda.

Albatta kelajakda nima bo’lishini hech kim bilmaydi. Lekin statistikaga va trendlarga qarab qo’yish zarar qilmaydi.

Qaysi Texnologiyalarga Qiziqishingiz

Siz o’zingiz uchun qiziq bo’lgan texnologiyadan boshlasangiz, til tanlash ancha oson bo’ladi.

Android sistemasi uchun dasturlash qiziqmi? Java yoki Kotlinni o’rganing.

iOS qiziqroqmi? Swiftni o’rganish juda ham yaxshi fikr.

Backend? Bu yerda variantlar ko’p va har biri uchun talab katta: Python, Java, Ruby, JavaScript va hokazo.

Frontend? Bu yerda variantingiz bitta: JavaScript.

Tilning Qanchalik Qiyinligi

Qaysidir dasturlash tillari boshqalariga solishtirganda sal qiyinroq. C va C++ shunday tillarga misol bo’la oladilar. Qo’lda xotirani boshqarish, «pointer»lar va boshqa qiyin konstruksiyalar endi boshlayotgan yosh dasturchini demotivatsiya qilib qo’yishi mumkin. Ikkalasi ham buyuk tillar lekin birinchi til sifatida eng zo’r variant bo’lmasligi mumkin.

Python, Java yoki Ruby menimcha ancha osonroq bo’ladi.

Til Bo’yicha Resurslar

Siz shu til bo’yicha yetarlicha kitoblar, maqolalar va video darslar topa olasizmi?

Sizda kerakli uskunalar bormi? Masalan iOS sistemasi uchun dasturlashda Apple kompyuterlari kerak bo’ladi. 3D o’yinlarni dasturlash uchun grafik kartasi kuchli bo’lgan kompyuter talab qilinadi. Virtual Reality uchun esa mahsus VR uskunalar talab qilinadi.

JavaScript uchun esa bitta browserni o’zi yetarli.

Xulosa

Shuncha gapni qisqaroq qilib aytadigan bo’lsam, siz qaysi texnologiyaga qiziqishingizni aniqlang va shunga asoslanib tilni tanlang. Ko’p o’ylanib o’tirmang. Bittasini tanlangda shu tilni mukammal o’rganing. Boshqa tillarga o’tish keyinchalik oson bo’ladi.

Muallif: Jahongir Rahmonov

Comment List

Leave a comment