Sun'iy Intellekt

SI-trener: yangi kasb boʻyicha katta qoʻllanma

Neyrotarmoqlarni tarbiyalaydigan va oʻqitadigan kishilar bilan muloqot qilamiz.

 

SI-trenerlar boʻlmaganida, til modellari hech qachon oʻtmishdagi ajoyib “SI-bolakay”lardan hozirgi paytdagi afsonaviy “neyro-erkak”larga aylanmagan boʻlardi. Aynan har kuni neyrotarmoqlarga aql-idrok beradigan SI-trenerlarning mehnati tufayli biz SI bilan mazmunli suhbat qurishimiz va undan har qanday savolga javob olishimiz mumkin.

Bu maqolada quyidagilarni bilib olasiz:

  • SI-trener kasbi qanday paydo boʻldi?
  • U nega kerak?
  • Mutaxassislar qanday vazifalarning yechimini topadi?
  • Ular qancha pul ishlab topadi?
  • Qaysi kompaniyalar SI-trenerlarni oʻziga ogʻdirib oladi?
  • SI-trenerlar oʻz kasbi haqida nima deydi?

 

SI-trener kasbi qachon paydo boʻldi?

SI-trenerlar haqida 2022-yil boshida, OpenAI olimlari InstructGPT til modelini chiqarganida gapira boshladi. Uning asosiy xususiyati RLHF(Reinforcement learning from human feedback)

yoki “odamlarning fikr-mulohazalari asosida mustahkamlanadigan taʼlim” nomli SI-oʻqitish metodi tanlangani edi.

Neyrotarmoqni oʻqitishda koʻp sonli odamlarning (yaʼni SI-trenerlar) ishtirok etishiga asoslangan RLHF metodi til modellari dunyosida haqiqiy inqilobni keltirib chiqardi. Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, ChatGPTʼni oʻqitishda aynan RLHF qoʻllangani tufayli mashhur chat-bot odamlar bilan bunday tabiiy tarzda muloqot qilishning uddasidan chiqadi.

""

SI-trener (AI trainer) bu — sunʼiy intellektni foydalanuvchi talablari va axloqiy meʼyorlariga mos keladigan javoblar yaratishga oʻrgatadigan mutaxassis.

""

Bu kasb yangi hisoblanadi, ammo uning koʻplab funksiyalari maʼlumotlarni belgilash boʻyicha mutaxassis, asessor va kopirayterlar bajaradigan ishlarga oʻxshash. SI–trenerlar va yuqorida keltirilgan mutaxassislar oʻrtasidagi asosiy farq — SIning zamonaviy modellarini oʻqitish bilan bogʻliq vazifalarga eʼtibor qaratish.

ChatGPT paydo boʻlishi bilan OpenAI va shunga oʻxshash chat-botlarni yaratadigan boshqa kompaniyalar RLHF metodida oʻqitish uchun katta miqdordagi inson mehnati talab qilinishini aniqladi. Bu yangi SI-trener kasbining rivojlanishiga hissa qoʻshdi.

 

SI-trenerlar nega kerak?

Bu savolga javob berish uchun zamonaviy til modellarini oʻqitish bosqichlarini tahlil qilamiz:

    • Oldindan oʻqitish (Pre-training). Neyrotarmoq dastlab internetdan yuklab olingan koʻplab matnlarga oʻqitiladi. Bu jarayon juda katta hisoblash quvvatini talab qiladi va odamlarning bevosita ishtirokisiz avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Natijada bazaviy model (foundation model) yoki pretreyn hosil boʻladi. Bunday neyrotarmoq muloqot paytida “Yomgʻir odami” filmidagi qahramonni eslatadi. U juda katta bilimga va til borasidagi umumiy tushunchaga ega, ammo shu bilan bir qatorda foydalanuvchi savoliga (hatto eng oddiy) javobni insonga xos tarzda shakllantira olmaydi.
    • Nozik sozlama (fine-tuning). Ikkinchi bosqichda jarayonga neyrotarmoqlar uchun notiqlik mahorati kurslariga oʻxshash narsalarni oʻrgatuvchi SI-trenerlar qoʻshiladi. Fine-tyuning jarayonida odamlar SIʼga foydalanuvchilarning turli xil soʻrovlari (instrakt deb ataladigan) va ularga qoʻlda yaratilgan eng yaxshi (shakli va mazmuniga koʻra) javoblardan misollarni koʻrsatadi. Bu bosqichda “oziqlantirish” uchun SIʼga beriladigan matnlar umumiy oʻquv maʼlumotlarining taxminan 1 foizini tashkil qiladi. Biroq aynan ular SIʼga odamlar bilan qanday muloqot qilish kerakligi haqida tushuncha berib, chat-botlarga foydalanuvchilar bilan yuqori darajada suhbat qilish imkoniyatini yaratadi.
    • Reward-modelning tuzilishi. Keyingi bosqichni bola tarbiyasi bilan taqqoslash mumkin. Bu matnlarni insonga xos “nima yaxshi va nima yomon” tushunchasiga koʻra baholay oladigan va reward-model deb ataladigan yordamchi neyrotarmoqni oʻqitishni oʻz ichiga oladi. Neyrotarmoq buni amalga oshirishi uchun SI-trenerlar generatsiya qilingan javoblarni turli mezonlarga koʻra eng yaxshisidan eng yomoniga qadar muayyan bir tartibga keltiradi. Ularning ishlari natijasini koʻrgan neyrotarmoq vaqt oʻtishi bilan oʻzi javoblarni saralab olib, foydalanuvchiga faqat eng relevantlarini berishni oʻrganadi.

Shundan soʻng foydalanuvchilarga namoyish etilishi mumkin boʻlgan til modeli hosil boʻladi. Bu holatda u mustaqil ravishda javoblarni yaratish, ularni baholash va oʻz xatolarini tuzatishga qodir boʻladi. Jarayon reinforcement learning (mustahkamlovchi taʼlim) deb ataladi. Biroq bu SI-trenerlarning neyrotarmoq ishini yanada takomillashtirishda ishtirok etishini istisno etmaydi, chunki oʻqitish bosqichlari koʻp marta takrorlanadi.

 

SI-trenerdan nima talab etiladi?


SI-trener uchun eng muhimi — matn bilan ishlash koʻnikmalari. Shuning uchun bu vazifani tilga oid kasb egalari — filolog, jurnalist, muharrir va kopirayterlar juda yaxshi uddalaydi. Bundan tashqari, SI-trenerlarining IT va zamonaviy neyrotarmoqlarning tuzilishini hech boʻlmaganda bazaviy darajada tushunishi ortiqchalik qilmaydi.

Hech kim SI-trenerdan dasturlash koʻnikmalari yoki oliy matematikani bilishini kutmaydi. Ammo u tezda barcha bilim sohalarini anglash, internetda ishonchli manbalarni topish va ular bilan ishlashga tayyor boʻlishi kerak.

SI-trenerlar qanday vazifalarning yechimini topadi?


SI-trenerlar asosan uch turdagi vazifani bajaradi:

  • Foydalanuvchilarning soʻrovlariga javoblar namunasini yozadi va keyinchalik ular SIga koʻrsatiladi. Bunday namunalar instraktlar deb ataladi.
  • Neyrotarmoqlar bilan muloqot qilib, ularning javoblarini eng yaxshidan yomonga qadar — muayyan tartibga soladi.
  • Generatsiya qilingan matnlarda gallyutsinatsiya, xato, toksik kontent va axloq qoidalari buzilgan holatlarni qidiradi hamda tuzatadi.

Yuqorida keltirilgan vazifalarni oddiy SI-trenerlar bajaradi. Odatda ular 7—12 kishidan iborat kichik guruhlarda va uydan ishlashi mumkin. Ularning tepasida hamkasblarining saʼy-harakatlarini muvofiqlashtiradigan va ish sifatini tekshiradigan katta trenerlar (yoki timlidlar) turadi.

 

 

 

Kelajakda SI-trenerlar ixtisoslashuvi paydo boʻlish ehtimoli bor. Ayrim xodimlar faqat matematik masalalarni yechish, boshqalari sheʼrlar yozish, uchinchilari tarixiy matnlar bilan band boʻladi va hokazo. Shunday qilib, bu soha mutaxassislaridan mukammal soʻz boyligidan tashqari, sohalardan biridagi “jangovar tajriba” yoki unga chuqur shoʻngʻish qobiliyati talab qilinadi.

 

SI-trenerlar qancha pul ishlab topadi?

AQShda bunday mutaxassislarning maoshi soatiga 13 dollardan boshlanadi (bu toʻliq ish kuni hisobida oyiga taxminan 2400 dollarga toʻgʻri keladi). Amerikadagi SI-trenerlar oyiga oʻrtacha 5400 dollarga umid qilishi mumkin.

Agar Rossiya haqida gapiradigan boʻlsak, Yandexʼda bugungi kunda sakkiz soatlik ish kuni uchun SI-trenerlarga oyiga 75 000 rubldan boshlanadigan maosh taklif qilinmoqda. Guruh rahbarlari esa 130 000 rublni chamalashi mumkin.

 

Hozir Rossiyadagi qaysi kompaniyalar SI-trenerlarni jalb qilmoqda?

Kasbga boʻlgan talab ish sifatini ChatGPT bilan solishtirsa boʻladigan yangi avlod chat-botlarni ishlab chiqaradigan kompaniyalar soniga bogʻliq. Bu darajadagi taniqli mahalliy ishlanmalardan Sberʼning GigaChatʼi va Yandexʼning YandexGPTʼni yodga olish mumkin.

Aynan Yandex Rossiyada SI-trenerlarni ommaviy ravishda yollashni boshlagan birinchi ish beruvchi boʻldi. Bunday mutaxassislar kompaniyaga 2023-yildan beri “Alisa” ovozli yordamchi tarkibida “Keling, oʻylab topaylik” fichasi sifatida ishlaydigan maxsus YandexGPT 2 neyrotarmogʻini oʻqitish uchun kerak.

Bundan tashqari, “sariqlar“ birinchi boʻlib bu kasb boʻyicha beshta qisqa onlayn darsdan iborat hammabop qoʻllanmani chiqardi. Shuningdek, eng yaxshi bitiruvchilar ishga olinadigan shaxsiy SI-trenerlar maktabiga ikki marta tanlov oʻtkazildi.

Boʻsh ish oʻrinlari agregatorlari tahlili shuni koʻrsatadiki, SI-trenerlarni Yandexʼdan tashqari koʻplab boshqa mahalliy kompaniyalar ham qidirmoqda. Ular orasida Sber, Tinkoff va MTSʼning IT-boʻlimlari bor.

Oʻz kasbi haqida SI-trenerlar nima deydi?

Maʼlumotni birinchi qoʻldan olish uchun bevosita til modellarini oʻqitish bilan shugʻullanadigan mahalliy kompaniyalarning yetakchi mutaxassislariga murojaat qildik. Ular yangi kasb haqida bizga quyidagilarni soʻzlab berdi.

 

Anna Alipova
MTS AI KOMPANIYASINING SUNʼIY INTELLEKT BOʻYICHA TRENERLAR GURUHI RAHBARI

__________________________________________________________________________

Yaqin yillarda SI-trener kasbiga boʻlgan talab ortadimi? SI inson-trenerlarining vazifalarini oʻz zimmasiga olib, ularni ishsiz qoldirishi mumkinmi?

— Ayni damda SI-loyihamiz endigina rivojlanib bormoqda, ammo aniq aytish mumkinki, MTS AI neyrotarmoqlarini rivojlantirish uchun texnikaga qiziqqan mutaxassislar — SI-trenerlar kerak boʻladi. Bitta neyrotarmoqni “tarbiyalash” uchun turli xil mutaxassislar jamoasi kerak va unda trenerlarga asosiy rollardan biri beriladi.

Mashina internetdagi hamma narsani tahlil qilishi, katta hajmdagi maʼlumotlarni toʻplashi mumkin. Ammo buning oʻzi yetarli emas. Dunyodagi hamma narsani biladigan, lekin oʻzining kimligi va qayerdaligini, boshqa odamlar bilan qanday munosabatda boʻlishni umuman tushunmayotgan va eng yomoni, axloq meʼyorlaridan bexabar odamni tasavvur qiling. Inson ongi, tajribasi va axloq meʼyori tushunchasiga ega boʻlmagan mashina hech qachon bularning barchasini boshqa modelga oʻrgata olmaydi. SI-trener modelni oʻqitish mobaynida unga inson tajribasining bir qismini yetkazadi.

Bu kasb talabgir boʻladimi? Buning javobini hech kim bilmaydi, chunki bu bevosita sunʼiy intellekt qaysi yoʻnalishda rivojlanishiga bogʻliq. Bugungi kunda shunday vaziyat yuzaga kelganki, neyrotarmoqlar nafaqat odamlarning ishini olib qoʻymaydi, balki ularni yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlaydi.

MTS AIʼda SI-trenerning ish kuni qanday tuzilgan, u qanday vazifalarni bajaradi?

— SI-trenerning ishlashi uchun kompyuter va barqaror internet aloqasi yetarli. Ish kunining asosiy qismini belgilash va matnlar oladi — trenerlar koʻp yozadi, tekshiradi va tahrirlaydi. Bularning barchasini masofadan turib amalga oshirish mumkin. Ish paytida menejer yoki boshqa trenerlarga savollar berish kerak. Jamoa ichidagi muloqot faqat maʼqullanadi. Bu ish mamlakatimizning istalgan mintaqasida yashagan holda IT sohasida ishlashni oʻzlashtirish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.

SI-trenerlarining biror ixtisosligi bormi (masalan, matematika, fizika) yoki ularning har biri har qanday mavzuga yechim izlashga tayyormi?

— SI-trener har qanday savolga yechim topishga tayyor boʻlishi kerak. Hamma narsaning javobini bilishi shart emas, ammo ularni qayerdan topishni tushunishi muhimdir. Biz savodli va mazmunli matnlarni yoza oladigan, shuningdek, ingliz tilini biladiganlarni qidiryapmiz. SI-trenerlarni ham gumanitar va texniklarga boʻlish aktual ekaniga ishonchim komil emas, chunki bu kasbga turli bekgraundga ega kishilar keladi.

MTS AI trenerlarining ijodiy matnlar — sheʼr, hikoya, ertaklar bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keladimi? Bu masalada qiyinchiliklar tugʻiladimi?

— Balki hozir trenerlarimiz “Boʻgʻirsoq”ning yangi versiyasini yoki jamoat transporti haqida poema yozayotgandir, lekin bu aniq emas. Hammasi ishlab chiquvchilarning maqsadlariga bogʻliq. Agar SIning ijodiy mahoratini oshirish kerak boʻlsa, trenerlar ertak va sheʼrlar yozadi, modelni beshinchi sinfning matematika masalalarini yechishga oʻrgatish maqsad qilinganda esa trenerlar matematika oʻqituvchisiga aylanadi.

Ijodiy matnlar masalasida bir narsani tushunish kerak: bugungi kunda hech bir neyrotarmoq adabiyotning shuhrat qozongan namoyandalaridan yaxshiroq badiiy matn yoza olmaydi. Aytaylik, u Brodskiy sheʼriyatini tahlil qilishi, asosiy texnikasi, oʻlcham va metaforalarini nusxalashi mumkin. Hatto uning lirikasi asosida sheʼr ham yozishi mumkin, ammo tirik shoirning sheʼrlaridan farqli oʻlaroq, uning asarlari har doim ikkinchi darajali boʻlib qolaveradi.

Rossiyada SI-trenerlarni tayyorlash boʻyicha doimiy kurslar yoki oliy taʼlim doirasida ixtisosliklar paydo boʻlishiga ehtiyoj bormi?

— Menimcha, bugungi kunda bunday kurs uchun oʻquv dasturini tuzish juda qiyin boʻladi. Dasturchilar trenerlarga topshiriqlarni maʼlum bir vaqtda muayyan bir modelni oʻqitish ehtiyojini hisobga olgan holda beradi. Dasturlar uchun yangi tadqiqot va biznes vazifalari paydo boʻlishi bilanoq, trenerlarga ham yangi vazifalar qoʻyiladi. Vaziyat tez surʼatda oʻzgarib bormoqda.

Ha, LLM-modellarni oʻqitish borasida umumiy tushunchalar mavjud, ammo bu trenerlarning emas, balki dasturchilarning vazifasi.

Hozircha SI-trenerlarga moʻljallangan yagona oʻquv dasturi uchun turli kompaniyalar tajribasini qanday tarzda umumlashtirish mumkinligini tasavvur qila olmayman. Modellar oʻqitiladigan tamoyillar haqida soʻz boradigan neyrotarmoqlar bilan ishlash kurslarini koʻrish juda yaxshi boʻlardi. Umuman olganda, rus va ingliz tillarini biladigan, yangi narsalarni oʻrgana oladigan va xohlaydigan har qanday kishi SI-trener kasbini egallashi mumkin.

 


Artyom Bondar
TINKOFF SUNʼIY INTELLEKT TEXNOLOGIYALARI MARKAZIDAGI NLP YOʻNALISHI RAHBARI

__________________________________________________________________________

Tinkoffʼda SI-trenerlar til sunʼiy intellektini qanday maqsadlarda oʻqitadi: bu ChatGPTʼga oʻxshash chat-botmi yoki boshqa narsa boʻladimi?

— LLMʼda avvalo mahsulotlarimizni yanada aqlli, sezgir, hozirjavob va mijozlarga tushunarli qilish imkoniyatini koʻryapmiz. Shuning uchun SIni Tinkoff ekotizimiga kiritish uchun oʻz til modellarimizni yaratyapmiz. Bizga ChatGPT klonini yaratishdan koʻra ajoyib mahsulotlar va ularning yangi xususiyatlari orqali foydalanuvchilarimiz uchun innovatsiyalar koʻlamini kengaytirish qiziqroq.

SI-trener uchun Tinkoffʼda qanday karyera istiqbollari mavjud?

— Tinkoffʼdagi SI-trenerlar jamoasi butun boshli SI-tahririyatini tashkil qiladi va shuning uchun SI-trenerlar rahbarini bosh muharrir deb ataymiz. U muallif va muharrirlar bilan ishlash tajribasiga, eng muhimi, mentor koʻnikmalariga ega boʻlib, SI-trenerlarga nazariyani tushunishda yordam berishi, tushuntirishi, toʻgʻri yoʻnalishga yoʻnaltirishi hamda ehtiyotkorlik bilan nimani, qanday yaxshilashni tavsiya qilishi kerak.

Biz Tinkoffʼning SI-tahririyatini yuzlab SI-trenerga qadar kengaytirishni rejalashtiryapmiz va har bir guruhning oʻz bosh muharriri boʻladi. Jamoaning jadal surʼatda oʻsishini hisobga olsak, vaqt oʻtishi bilan bosh muharrirlar soni va bu yoʻnalishda karyera uchun imkoniyatlar yanada ortib borishi aniq.

Yaqin bir necha yil davomida SI-trener kasbiga boʻlgan yuqori talab saqlanib qoladimi?

— Kasbga boʻlgan talab faqat oʻsib boradi, chunki katta til modellariga asoslangan mahsulotlar — katta hajmdagi maʼlumotlar bilan ishlash uchun ichki vositalar, dasturlash, tahlil uchun yordamchi va hokazolar tobora koʻpayib bormoqda.

Koʻp oʻtmay, SI inson-trenerning vazifalarini oʻz zimmasiga olib, uni ishsiz qoldirishi mumkinmi?

— Murakkab va kreativ ishlarda insonni faqat toʻlaqonli AGI (artificial general intelligence) — insonga xos har qanday vazifalarni bajara oladigan kuchli SI almashtirishi mumkin. Garchi SI sohasida sezilarli yutuqlar boʻlsa-da, hozircha bunday rivojlanish darajasiga erisha olmadik va yaqin kelajakda ham erisha olmaymiz.

Hatto raqobatchilarini bir necha qadam ortda qoldirgan eng kuchli GPT-4 modeli ham qoʻshimcha oʻqitishsiz amaliy biznes vazifalarida javob sifati boʻyicha insondan ortda qolmoqda. Bu esa uni etalon sifatida qabul qila olmasligimizni anglatadi: boshqa neyrotarmoq maʼlumotlaridan oʻrganadigan neyrotarmoq, u oʻrgangan referens neyrotarmoqdan yomonroq ishlashi muqarrar.

Shuning uchun neyrotarmoqlarni uzoq vaqt davomida faqat odamlar oʻqitishi mumkin. Hatto matnlar yozishda SI-trenerlardan qolishmaydigan neyrotarmoqni yaratdik deb taxmin qilganimizda ham faqat insonlarga ishonib topshirish mumkin boʻlgan katta tahliliy ish bloki, yaʼni neyrotarmoq qayerda xato qilayotganini tushunish, qayerda tone of voiceʼni yaxshilash, qayerda esa empatiya darajasini oshirish ishlari qoladi.

Tinkoffʼda SI-trenerning ish kuni qanday tuzilgan, u qanday vazifalarni bajaradi?

— SI-trener istalgan boʻsh vaqtida haftasiga 20 soatdan kam boʻlmagan rejimda ishlashi mumkin. Bu ishni oʻqish yoki fultaym ish bilan birgalikda olib borish mumkin.

Vazifalar loyihaga koʻra oʻzgaradi: baʼzida trenerlar matnni noldan yozadi, baʼzan esa faqat tahrir qiladi yoki baholaydi. Ish formati toʻliq masofaviy, uni bajarish uchun SI-trenerga faqat noutbuk va internet kerak.

Bizda trenerlar topshiriqlarni muhokama qiladigan, ularni bajarishda bir-biriga yordam beradigan, tajriba almashadigan chatimiz mavjud. Mustaqil ishlash ham mumkin, ammo har qanday holatda ham yakuniy matn bosh muharrir tomonidan tekshiriladi.

Bu mutaxassislik birinchi navbatda rus tilini yaxshi biladigan gumanitariylarga moʻljallangani rostmi?

— Tinkoffʼdagi SI-trenerning maqsadi — ixtisoslashgan LLMʼlarni mijoz bilan maʼlum bir tilda “gaplashish”ga oʻrgatish. Buni amalga oshirish uchun trener nafaqat yaxshi matn yozishi, balki mahsulot va maʼlum bir mavzuga chuqur kirib borishi, katta hajmdagi maʼlumotlar orasida chalkashib ketmasligi kerak.

Har bir SI-trener jurnalistika, tahrirlash va prodakt-menejment kesishmasida ishlaydi. Dialoglarni yozish juda koʻp kasbiy koʻnikmalar — tahririyat siyosati bilan muvofiqlashtiriladigan xatosiz matnlarni yozish qobiliyati, faktcheking koʻnikmalari, psixologiya haqida bazaviy tushunchalar, shuningdek, model ishlaydigan mavzuni chuqur tushunishni talab qiladi.

Bu mutlaqo har xil sohalar boʻlishi mumkin: moliya, media, biznes, tibbiyot, madaniyat, dasturlash. Baʼzan universal trenerlar, baʼzida esa maʼlum bir mavzu boʻyicha mutaxassislar kerak boʻladi, shuning uchun faqatgina gumanitar fanlar bilan cheklanmaymiz.

Tinkoff trenerlarining ijodiy matnlar — sheʼr, hikoya, ertaklar bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keladimi? Bu borada qiyinchiliklar yuzaga keladimi?

— Baʼzida topshiriqlar juda kreativ va ijodiy boʻlishi mumkin. Masalan, SI-trener ertak yoki latifa oʻylab topishi lozim boʻlishi mumkin. Shuningdek, trenerlar turli xil rollarda boʻlishi — oʻzini foydalanuvchi sifatida tasavvur qilib, model uchun ilmoqli savollar oʻylab topishi yoki foydalanuvchining har qanday, koʻpincha juda gʻayrioddiy soʻroviga yaxshi javob bera oladigan mashina sifatida harakat qilishiga toʻgʻri kelishi mumkin. Masalan, insho uchun reja tuzish yoki hikoya oʻylab topish.

Rossiyada SI-trenerlarni tayyorlash boʻyicha doimiy kurslar yoki oliy taʼlim doirasida ixtisosliklar paydo boʻlishiga ehtiyoj bormi?

— Hech boʻlmaganda taʼlim kursi, albatta, foydali boʻlardi. SI-trener — tahrir va texnologiya chorrahasidagi murakkab, keng qamrovli ish. Jarayonga toʻliq kirib borish uchun trenerlar bilan muntazam ravishda suhbatlashamiz va bu ularning loyihani yaxshiroq tushunishiga imkon yaratadi. Bu keys boʻyicha alohida kurs ham potensial nomzodlarning mahoratini oshirishga, ham ish borasida tushuncha shakllantirishga yordam berar edi.

 


Yelena Lukashina
YANDEXʼDAGI “ALISA”NING SI-TRENERLARI TIMLIDI

__________________________________________________________________________

Yandexʼda SI-trenerning ish kuni qanday tuzilgan, u qanday vazifalarni bajaradi?

— Ishlash uchun trenerlarga faqat internetga ulangan kompyuterning oʻzi yetarli. “Alisa”ni oʻqitayotganlarga assistentning turli xil dastur va qurilmalarda qanday ishlashini tushunish uchun baʼzan smartfon kerak. Albatta, Yandex stansiya ham kerak. U kompaniya tomonidan “Alisa”ning trenerlariga ish vositasi sifatida beriladi.

Ish butunlay masofaviy — Rossiyaning istalgan joyidan va hatto xorijda turib ishlash mumkin. Shu bilan birga, SI-trenerlar bir-biri bilan muqarrar muloqot qiladi, ularning murakkab vazifalarni muhokama qilish uchun oʻz chatlari, “gurungxonalari” va oflayn uchrashuvlari bor. Trenerlar doimiy ravishda oʻzaro va oʻz rahbari bilan model oʻqitiladigan biror etalon javobni qanday tarzda yaxshiroq ifodalashni muhokama qiladi. Shunda neyrotarmoq har doim shunga oʻxshash tarzda javob beradi, foydalanuvchilar u bilan muloqotda aynan shuni kutadi.

Bu mutaxassislik birinchi navbatda rus tilini yaxshi biladigan gumanitar fanlarga moʻljallangani rostmi?

— Trenerning gumanitar yoki matn bilan ishlashda professional koʻnikmalarga ega boʻlishi shart emas. Bunda maʼlumot bilan ishlash, tezda anglash, tanqidiy fikrlash, mos keladigan manbalarni tanlash va faktlarni sinchkovlik bilan tekshirish koʻnikmalari muhimroq.

SI-trener umrida birinchi marta eshitayotgan mavzulardagi vazifalarga duch kelishga tayyor boʻlishi kerak. Axir model Pythonʼda kod yozish, fizika boʻyicha masalani yechish, mushuk haqida sheʼr yoki Shopengauer falsafasi haqida esse yozish kabi turli xil vazifalarning yechimini topishi kerak.

Trener turli sohalar boʻyicha qanchalik koʻp maxsus bilimga ega boʻlsa, topshiriqlarni shunchalik yaxshi bajaradi. Bizda ixtisosliklar mavjud, masalan, matematik masalalarni yechish yoki sheʼr yozishni turli odamlar bajaradi. Trener baʼzi texnik sohalarga oid bilimga ega boʻlsa, bu yanada yaxshi.

Yandex trenerlarining ijodiy matnlar — sheʼr, hikoya, ertaklar bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keladimi? Bu borada qiyinchiliklar tugʻiladimi?

— SI-trenerlarning ishi koʻp jihatdan juda ijodiy. Odamlarning juda koʻp janrda va turli xil mavzularda matn yozishini talab qiluvchi, matn bilan bogʻliq boshqa biron-bir kasb yoʻq. Agar SI-trener boʻlib ishlagan boʻlsangiz, keyinchalik haqiqatan ham istalgan narsani yuqori sifatli qilib yozishingiz mumkin. Hatto tasavvur qilib boʻlmaydigan narsalarni ham.

Baʼzan foydalanuvchilar vaqtichogʻlik uchun KTM (koʻp tarmoqli markaz) haqida Mayakovskiy uslubida sheʼr yoki Lermontov uslubida koʻchmas mulkni sotish toʻgʻrisida eʼlon yozishni soʻraydi — model bularning barchasini generatsiya qilishi kerak.

Albatta, trenerlar toʻliq ijodiy matnlar — sheʼr, ertak, hikoya, qoʻshiq va yana koʻplab narsalarni ham yozadi. Ularning ishlari orasida haqiqiy durdona asarlar uchraydi. Bu matnlar modelimizga turli xil vazifalarni yaxshiroq uddalashga yordam beradi.

Yaqin bir necha yil davomida SI-trener kasbiga boʻlgan yuqori talab saqlanib qoladimi?

— SI modelini oʻqitish, albatta, kelgusi oʻn yilliklarda toʻxtamaydi. Neyrotarmoqlarga oʻquv jarayonini nazorat qilib, rivojlanishiga yordam beradigan odamlar kerak. Faqat kasb tobora murakkablashib, tobora ixtisoslashib boradi.

Katta ehtimol bilan, kelajakda neyrotarmoqlar trenerlarining ixtisoslashuvi paydo boʻlib, turli modellarni oʻqitish uchun alohida soha mutaxassislari javobgar boʻladi. Masalan, SI-trenerlar orasida shifokor, muhandis va huquqshunoslar paydo boʻladi.

Mutaxassis yuqori malakaga erishgach, neyrotarmoqlarga oʻzi qila oladigan narsalarni oʻrgatadi. Bu birinchi navbatda oʻz sohasida eng qiyin va tipik boʻlmagan muammolarni hal qiladigan odamlarga taalluqli boʻladi.

Yandexʼda SI-trenerlik uchun tanlov uzoq vaqtdan beri davom etmoqda. Buning sababi nima?

— Oʻtgan yili biz bir necha yuz kishini yolladik. Sinov topshiriqlarimiz qiyin va talablarimiz yuqori, buncha ajoyib professionallarni tezda toʻplash oson emas. Kamiga, bu yangi kasb va koʻpchilik uchun tushunarsiz. Bundan tashqari, trenerlar uchun vazifalar hajmi va murakkabligi doimiy ravishda ortib bormoqda, modellarni oʻqitish toʻxtamayapti, shu sababli Yandexʼda bu lavozim uchun yangi nomzodlarga talab doimo mavjud.

Nomzodlarni oʻqitish va qidirish uchun SI-trenerlar maktabi kabi yangi tadbirlar rejalashtirilganmi?

— Ha, biz vaqti-vaqti bilan jamoa uchun yangi trenerlarning bunday tanlovini oʻtkazib turamiz. Amaliyot shuni koʻrsatdiki, bizning SI-trenerlar maktabimiz bitiruvchilari suhbatda oʻzini dadilroq koʻrsatadi, vazifalar ixtisosligini yaxshi tushunadi.

Mashgʻulotlar davomida oʻquvchilar ishning bazaviy tamoyillari bilan tanishadi, neyrotarmoq javoblarini tartiblashni va ularning ishonchliligini tekshirishni oʻrganadi. Ular SI-trenerlar har kuni ishda toʻqnash keluvchi haqiqiy vazifalarni bajaradi — neyrotarmoq nomidan soʻrovlarga javob yozadi, bir-birining matnini baholaydi va faktlarni tekshiradi. Bunday nomzodlar ishga tezroq kirishib ketadi.

 

Olimning fikri: “SI-trenerlar yuqori darajali mutaxassislarga aylanadi”

Maqolamizdagi yuqorida keltirilgan fikrlar yakunida umumlashtirishni taniqli olim va SI sohasi mutaxassisi Roman Dushkinga topshirdik. Uning fikriga koʻra, neyrotarmoqlarini sunʼiy intellekt asosidagi oʻqitish metodlari bilan raqobatlashish uchun SI-trenerlardan har yili tobora yuqori darajadagi bilim talab qilinadi. Vaqt oʻtishi bilan bu yuqori nufuzli ishga aylanadi, uning vakillari esa mehnat bozorida talabga ega boʻlish uchun doimiy ravishda oʻqishi kerak boʻladi.


Roman Dushkin
MFMI MTYU SI SOHASIDAGI ILMIY-TADQIQOT MARKAZINING “TRANSPORT VA LOGISTIKA” YOʻNALISHI BOʻYICHA SI TIZIMINING BOSH ARXITEKTORI

__________________________________________________________________________

— Sunʼiy intellektni oʻqitish uchun kam haq evaziga kambagʻal Afrika mamlakatlaridan pudratchilarni jalb qilgan baʼzi Gʻarb kompaniyalarining muvaffaqiyatsiz tajribasini hisobga olish kerak. Bunday xodimlar modellarni juda past professional darajada oʻqitishi mumkin. Keyin bu muammolarni qandaydir tarzda tuzatish uchun dasturchilar chat-botlarga bir uyum “qoʻltiqtayoq” qoʻyishi kerak.

Shu sababli ilgʻor zamonaviy SIni oʻqitish uchun SI-trenerlarda mutaxassislik bilimi boʻlishi kerak. Qaysidir mavhum “odamlar”ning emas, balki yuqori darajadagi, yaxshi maosh oladigan mutaxassislarning bilimini nazarda tutyapman.

Men hatto neyrotarmoqlarni oʻqitish metodi RLHF nomidagi insonni (human) ifodalaydigan H harfini mutaxassisni (expert) anglatadigan E harfiga almashtirishni taklif qilaman. Faqat mutaxassis yoki mutaxassislar guruhi kognitiv agentlarning yanada yaxshiroq boʻlishi uchun samarali tarzda oʻqitishi mumkin.

Nazarimda, rossiyalik dasturchilar hozirdanoq bu yoʻldan ketmoqda. Men qiziqib Yandexʼning SI-trener lavozimi uchun kirish testini topshirib koʻrdim. U juda murakkab boʻlib chiqdi va maxsus tayyorgarliksiz undan muvaffaqiyatli oʻtib boʻlmas ekan. Bu esa juda yaxshi.

Koʻrinib turibdiki, kompaniyaga malakali xodimlar kerak. Ular filologiya, jurnalistika, faktcheking, tahrir koʻnikmalari va boshqa koʻplab sohalarda bilimga ega boʻlishi kerak.

Men RLEF deb ataydigan bu yondashuv sunʼiy intellektga asoslangan oʻqitish (RLAIF) bilan birgalikda, ularning konvergensiyasi tufayli sunʼiy intellekt sohasida sezilarli yutuqlarga olib kelishi mumkin.

Yaqin besh yillikda SI-trenerlarga talab yuqori boʻladi deb taxmin qilishim mumkin. Ammo SIni oʻqitadigan odamlar soni emas, balki ularning bilim sifati qadrlanadi. Shu bilan birga, odatdagi ishlarning bir qismini (lekin hammasini emas) RLAIF doirasida SI oʻz zimmasiga olishi mumkin.

 

Manbaa: AI-тренер: большой гайд по новой профессии

#Sunʼiy intellekt
#YangiSoha
Mohirdev Telegram

Telegram kanalimizga obuna bo’lishni unutmang

Obuna bo'lish
skillbox.ru

skillbox.ru

O'xshash maqolalar

Nima uchun Java dasturlash tilini o'rganish kerak?
Full Stack Java

11-dekabr, 2023

Nima uchun Java dasturlash tilini o'rganish kerak?

Javani tanlash uchun sabablar

Maqolani o'qish
Pomidorlardan qutulib qolish choralari: IT-konferensiya uchun ajoyib maʼruza tayyorlash

9-aprel, 2024

Pomidorlardan qutulib qolish choralari: IT-konferensiya uchun ajoyib maʼruza tayyorlash

Konferensiyada nutq soʻzlashga tayyorgarlik — maʼruzachidan koʻp vaqt va kuch talab qiladigan murakkab jarayon. Shuning uchun nega u yerga borayotganingizni, nima soʻzlab berishni va bilishni xohlayotganingizni tushunishingiz kerak. Axir oʻrtaga siz va siz vakillik qilayotgan kompaniyaning obroʻ-eʼtibori tikilgan boʻladi. Bundan tashqari, mashhur konferensiyalar chipta narxi ozmuncha emas va hech kim bu pul behuda ketishini istamaydi.

Maqolani o'qish
OpenSource qanday yaratiladi? Shaxsiy tajriba
opensource
shaxsiy tajriba

16-aprel, 2024

OpenSource qanday yaratiladi? Shaxsiy tajriba

Men Linuxʼning barcha distributivlariga ozmi-koʻpmi kiritilgan ikkita paket — sane-airscan va ipp-usbʼning muallifiman.

Maqolani o'qish
Telegram’dagi akkauntlarni o‘g‘irlashning yangi sxemasi

24-aprel, 2024

Telegram’dagi akkauntlarni o‘g‘irlashning yangi sxemasi

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi F.A.C.C.T. kompaniyasi firibgarlar Telegramʼda akkauntlarni oʻgʻirlash uchun yangi sxemadan foydalanishni boshlagani haqida xabar qildi.

Maqolani o'qish
4 milliard if operatori

16-aprel, 2024

4 milliard if operatori

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarni koʻrib chiqayotib, mana bu skrinshotga duch keldim. Albatta, unga yangi boshlayotgan dasturchining computer scienceʼdagi klassik muammo — qoldiq bilan boʻlinishni hal qilishga boʻlgan urinishini tanqid qilgan koʻplab dargʻazab sharhlar hamroh edi.

Maqolani o'qish